Kuni-kecha Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya boshqarmasi maslahatchisi janob Xan Vansyan boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasining Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrifdan maqsad davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishish, bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, Xitoy elchixonasi tomonidan qo‘shma loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotiga taqdim etilgan texnik uskunalardan foydalanish jarayonining bolajonlar uchun muhim jihatlarini kuzatishdan iborat edi.
Xitoy tomoni o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini oshirish, innovatsion yechimlar sonini ko‘paytirishni ko‘rib chiqish hamda maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan keyingi dasturlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: 2021-yilda Xitoy elchixonasi va Maktabgacha ta’lim vazirligi (hozirgi Agentlik) hamkorligida “Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini innovatsion uskunalar bilan ta’minlash” loyihasi amalga oshirilgan edi.