Farg'ona viloyati shahar va tumanlarida Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufidagi “Bilim Makon” Innovatsion markazi hamda BMTning “YUNISEF” Bolalar fondi bilan hamkorligidagi "Bebbo" nomli mobil ilovani tizimga joriy etish yuzasidan o'quv-amaliy seminarlari bo'lib o'tdi.
Joriy yilning 5-9-iyun kunlari bo'lib o'tgan mazkur seminarning yakuni Qo'qon shahridagi Pedagogika kollejida bo'lib o'tdi. Unda Qo'qon shahri va atrof tumanlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan metodistlar ishtirok etdi.
Seminarda ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi uchun moslashtirilgan “Bebbo” mobil ilovasini tizimda qo'llash, uning afzalliklari, ilova ichiga joylashtirilgan onlayn boshqarish funksiyalarini ishlatish haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari bolakadem.uz platformasidan foydalanish yuzasidan ham qo'shimcha bilimlarga ega bo'ldi.
Besh kun davom etgan mazkur o'quv-amaliy seminarlarda Farg'ona viloyatidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan 900 nafardan ziyod tizim xodimlari ishtirok etdilar.