O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGACHA TA’LIM VAZIRLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

news-detail

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 30-sentabrdagi PF-5198-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash hamda maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish sharoitlarini yaratish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari, tuman (shahar)lar maktabgacha ta’lim bo‘limlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qarorni amalga oshirish xarajatlari uchun 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Ijtimoiy soha” uchun nazarda tutilgan parametrlari doirasida mablag‘lar ajratsin, 2018-yildan boshlab esa har yili zarur budjet mablag‘lari ajratishni nazarda tutsin;

ushbu qarordan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yil uchun tasdiqlangan xarajatlari smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasining har yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan taklif kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining markaziy apparatiga 4 ta, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy bo‘linmalariga 14 ta yengil xizmat avtotransport vositalarini saqlashga limit hamda ularning xaridi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratsin;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnika bazasini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish hamda ularning ma’muriy binolarini ta’mirlash uchun Maktabgacha ta’lim vazirligiga mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatida zarur bo‘lgan aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalarini o‘rnatishni ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining markaziy apparati Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uyda joylashtirilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) maktabgacha ta’lim bo‘limlarini binolar yoki zarur bo‘lgan xonalar bilan ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi “Maktabgacha ta’lim metodikasi” jurnalini (keyingi o‘rinlarda — Jurnal deb ataladi) ta’sis etsin.

Maktabgacha ta’lim tizimiga joriy etilayotgan ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini atroflicha yoritib borish, sohaga doir qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarini sharhlash va tushuntirish jurnalning asosiy vazifalari etib belgilansin.

Jurnal tahririyati faoliyatini moliyalashtirish jurnalni sotishdan tushadigan mablag‘lar, homiylik mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘ va manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi ikki oy muddatda:

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan ovqatlanish me’yorlarini rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin hamda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yangilangan ovqatlanish me’yorlari va respublikaning barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida ushbu qaror ijrosining tizimli monitoringi joriy etilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun o‘quv va ko‘rgazmali qurollar, ularning tarbiyalanuvchilari uchun o‘rgatuvchi va rivojlantiruvchi kitoblar tayyorlanishi, shuningdek, ularning nashr etilishi, doimiy ravishda moliyalashtirilishi va davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilishini nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ta’lim milliy tillarda olib boriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonida ingliz va rus tillarini, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonida ingliz va o‘zbek tillarini o‘rganishni joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlasin;

“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida foydalanilayotgan, birinchi navbatda bolalarning intellektual va anglash qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘yin va o‘yinchoqlarning davlat standartlarini ishlab chiqsin;

“O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari asosida o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik vositalar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlash me’yorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bolalar o‘yinlari va o‘yinchoqlari bo‘yicha davlat buyurtmasini milliy ishlab chiqaruvchilar orasida taqsimlash bo‘yicha 2018 — 2023-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining statistik axborotlari tarqatilishi majburiy bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining ijtimoiy muhofazasini takomillashtirish maqsadida ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi nizomni;

Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bir oy muddatda:

Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi va viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlarni;

tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri U.I. Inoyatov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh., 2017-yil 30-sentabr, PQ-3305-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son qaroriga
6-ILOVA

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 37 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 15 nafar.

* Professor-o‘qituvchilar va o‘qitish-tarbiyalash xodimlari, shuningdek, texnik va xizmat ko‘rsatish xodimlari soni qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Jajji malikalar bellashishdi

   Kechagina kirib kelgan mart butun borliqqa bahorning bor tarovatini, undan ruh olgan go‘zal bayramlarni birin-sirin tortiq etmoqda. Uning ilk kuni mamlakatimizda adabiyot, she’riyat, nazm va navo bayrami – sadoqat va do‘stlik kuychisi, xassos shoira Zulfiyaxonim yodi bilan boshlandi. Davralar, shoira timsolida adabiyotni, she’riyatni olqishladi. Keyin unga nazokat, nafosat, go‘zallik, sevgi ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni ulanib ketdi. Davralar ayolni, onani, singilni, qizlarni madh etdi. Yana ko‘p davralar doshqozon osdi. Biqirlab qaynayotgan sumalak atrofiga to‘plangan ellar, sharqning uch ming yillik Navro‘z shodiyonalarini boshlab yubordi. Bu azaliy bayramlar maktabgacha va maktab ta’limi tizimlarida ham davom etmoqda. Xususan, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining eng chekka – Nanay qishlog‘ida joylashgan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan tadbir esa, ayollar bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuniga  bag‘ishlandi. Darvoqe, tashkilotda 5 ta guruh mavjud. Ularga 135 nafar  3 – 7 yoshli bola qamrab olingan. Eng muhimi, jamoaning ahilligi, hamjihatligi. Ular o‘rtasidagi o‘zaro yelkadoshlik, jipslilik tufayli yechim topmagan masala yo‘q. Hatto, ulardagi bu fazilat mahalla ahli orasida ham alohida e’tirof etiladi. – Jamoaning o‘rnak bo‘ladigan eng yaxshi sifati bu ularning yakdilligi, – deydi “Zarbdor” MFY Xotin-qizlar faoli Malohat Hayitboyeva. – Shu tufayli bo‘lsa ajabmas, bu yerdagi ta’lim-tarbiya jarayonlaridan hamma hursand. Bugungi tadbirda ham yigirma chog‘lik xodimlar bir yoqadan bosh chiqara oldi va e’tiborimizga bayram tadbirini yuqori saviyada havola etdi. Ayniqsa, Gulnora Shukurova,  Dilafro‘z Abdug‘aniyeva, Sevara Abdullayeva, Dildora Jo‘rayeva, Moxira G‘aniyeva singari jonkuyar tarbiyachi va xodimlar hamda tarbiyalanuvchilarning musiqa rahbari Dilrabo Qurbonovalarning halol mehnati  tufayli farzandlarimiz o‘zlarining ilk iqtidorlarini zo‘r kayfiyat va mahorat bilan namoyish etishdi. Darhaqiqat, bo‘lib o‘tgan tadbir tashkilotning Gulnora Shukurova rahbarligidagi tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilaridan iborat 20 nafarlik JAJJI MALIKALAR ishtirokidagi bellashuv ustiga qurildi. Qaqajon qizlar besh shart – tanishtirish, salat tayyorlash, somsa tugish, erkin mavzu va nihoyat badiiy gimnastika sohasidagi iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdi. Qizaloqlarning she’riy tanishtiruvlari, erkin mavzudagi yakkaxon raqs, kuy-qo‘shiqlari, badiiy gimnastikaga oid nafis ijrolari, ayniqsa, mustaqil holda salat va somsa tugishlari barchaga manzur bo‘ldi. – Albatta, iste’dod osonlikcha namoyon bo‘lmaydi. Buning ortida katta mehnat, izlanish, o‘z ustida, ayniqsa, o‘sha iste’dodli bola ustida tizimli ishlashgina ma’lum maqsadga erishtiradi, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan 10-sonli DMTT direktori Umida Qoraboyeva. – Bugungi tadbir ham ana shu xulosani yana bir karra isbotladi va men o‘z jamoamning har bir vakilidan minnatdorman. Fursatdan foydalanib barchangizni bugungi egu ayyom bilan chin dildan tabriklayman.    Tadbir so‘ngida jajji malikalarga bayram sovg‘alari ulashildi.       

Maktabgacha ta'lim agentligi
Toshkent viloyati, Angren shahridagi 14-DMTTda «Telefonsiz DMTT» tizimi joriy etildi.

14-DMTT ma’muriyati va ota-onalar kuzatuv kengashi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ta’lim tashkilotida telefondan umuman foydalanmaslik taklifi ma’qullangan.  Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil ”O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.   Ta’lim tashkilotiga kirib kelishda har bir xodim, mehmonlar va boshqa shaxslar telefonlarini chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi “ovozsiz” rejimga o‘tkazishi shart.   Tarbiyachi o‘z telefoni bilan soat 7.00 dan 8.30 gacha va soat 16.30 dan so‘ng ota-onalar bilan bog‘lanishiga ruxsat beriladi. Endi soat 8.50 dan 16.30 gacha Tarbiyachilarga mashg‘ulotlar vaqtida telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish taqiqlanadi.  Biroq, tarbiyachilar mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida DMTTdagi maxsus oddiy telefondan foydalanishlari mumkin.  Ota-onalar telegram guruhida mashg’ulotlardan fotolavhalar jo‘natish, uslubchi va hamshira zimmasiga yuklatildi. Ta’lim taskilotining boshqa xodimlari ham ish vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emasligi yig‘ilishda bir ovozdan tasdiqlandi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

  "Юнусобод тумани, Хасанбой махалласида жойлашган “Bayan Kids“ хусусий болалар боғчасида тарбияланувчи 3 яшар болаларга бўлаётган муносабатни кўринглар" номли видеотасвир остида телеграм ижтимоий тармоғи орқали мурожаат йўлланган эди. Ушбу мурожаат назоратга олинганлиги ва ўрганиш ишларига йўналтирилганлигини маълум қиламиз.  М А Ъ Л У М О Т Н О М А Фуқаро Д.Ашурованинг шикоят хати юзасидан “BAYAN KIDS”  МЧЖ нодавлат мактабгача таълим муассасасида ўтказилган ўрганиш бўйича. Аниқланишича, “Баян-кидс” нодавлат мактабгача таълим ташкилоти маъсулияти чекланган жамияти 24.02.2022 йил давлат рўйхатидан ўтган бўлиб,  2023 йил 22 августдаги умумий йиғилиш қарорига асосан Наргиза Музаффаровна Хуснутдинова жамиятнинг бажарувчи директори лавозимига тайинланган, маълумоти олий маълумотли педагог, иш стажи  умумий 34 йилни ташкил қилиб, мактабгача таълим ташкилотлари мудиралари лавозимида 5 йиллик иш стажига эга. “BAYAN KIDS” МЧЖга қарашли мактабгача таълим ташкилоти 7 та гуруҳдан иборат бўлиб, текшириш кунига 7 та гуруҳ фаолият кўрсатаётганлиги, ташкилотнинг умумий қуввати 140 ўринга мўлжалланиб, ушбу гуруҳларда рўйхат бўйича жами 109 нафар тарбияланувчилар таълим-тарбия олаётганлиги, кундалик қатнов ўртача 92 нафарни, ўрганиш ўтказилган куни 84 нафарни ташкил этганлиги аниқланди.     Шунингдек, ташкилотда умумий ходимлар сони 44 нафарни ташкил қилиб, шундан педагог ходимлар 15  нафарни, техник ходимлар 29  нафарни, тарбиячилар 7 нафарни ташкил қилган.                Текшириш давомида МТТнинг моддий техника базаси ҳолати, болаларни қамраб олиш ҳолати ва давомат, МТТнинг кадрлар билан таъминланганлиги ва уларга оид бўлган ҳужжатларнинг  юритилиши, тиббий хизмат, овқатлантиришнинг ташкил этилиши, ижро интизоми, гуруҳлардаги таълим-тарбия ишларининг олиб борилиши ва педагогларнинг иш ҳужжатлари юритилиши ва билим даражаларига  эътибор қаратилди.   Тарбиячиларнинг 4 нафари олий маълумотли, 3 нафари тугалланмаган олий бўлиб, фаолият юритаётган  педагогларнинг иш ҳужжатлари ЎзР мактабгача ва мактаб таълими вазирлиги ҳузуридаги Мактабгача таълим агентлигининг 2023 йил 28 августдаги “Мактабгача таълим ташкилоти педагогларининг иш ҳужжатларини тасдиқлаш тўғрисида”ги  99-сон буйруғи асосида юритиб келинган.   Ташкилотда куз-қиш мавсумига тайёргарлик ҳамда ободонлаштириш ишлари қониқарли, иситиш тизимлари, гуруҳлардаги сантехника жиҳозлари ишчи ҳолатда сақланган, умумий санитария ҳолати ҳам қониқарли, гуруҳлар бола сонига мос қаттиқ ва юмшоқ жиҳозлар ҳамда зарур идишлар билан тўлиқ таъминланган.                                    Танлов асосида кўрилган ўрта ва тайёрлов гуруҳларда марказларда олиб борилаётган иш фаолияти ва иш ҳужжатлари ўрганилганда, гуруҳ хоналари керакли таълимий, кўргазмали ва тарқатма материаллар билан таъминланганлиги, болаларнинг соғлом муҳитда таълим-тарбия олишлари учун етарли барча шарт-шароитлар яратилганлиги  аниқланди.  Бироқ, ўрганиш давомида айрим камчиликларга ҳам йўл қўйилганлиги маълум бўлди.     Хусусан, тарбиячилар  лавозим йўриқномалари билан таништирилган бўлсада, лекин улар томонидан зиммаларига юклатилган вазифалар лозим даражада бажарилмаган.     Шунингдек,ташкилотдаги таълим-тарбия ишлари ўрганилганда, ташкилотнинг янги 2023-2024 ўқув йили режаси тузилган ва режа асосида педагогларнинг малакасини ошириш истиқбол режаси мавжуд бўлсада, аммо педагог ходимлар амалдаги ҳужжатларга мувофиқ  малака ошириш  курсларига  юборилмаган.   Ўрганиш давомида машғулотлар жадвали кундалик олиб борилаётган машғулотларга мос эмаслиги, яъни нутқ ўстириш машғулоти ўрнига расм машғулоти ўтказилаётганлиги, илк ёш гуруҳи бўлишига қарамай, машғулотлар жадвалида инглиз тили киритилганлиги, гуруҳда болалар учун ривожлантирувчи ўйинлар ва ўйинчоқлар сони ҳамда тури камлиги аниқланиб, тарбиячига тайёрлов гуруҳида тасвирий фаолият учун намуналар  тайёрланиши буйича тавсиялар берилди.    Ҳолат юзасидан батафсил маълумотлар Мактабгача ва мактаб таълими вазирлигига хат орқали тегишли ҳуқуқ органлари томонидан баён қилинган.        

Вид сайта
Размер шрифта