Hurmatli hamkasblar!
Mamlakatimizda muhtaram Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, «halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak», deya alohida taʼkidlagani ham, ushbu illatning davlatchiligimizga naqadar xavfli ekanligini koʻrsatadi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan ham korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish bilan bogʻliq bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, vazirlik markaziy apparati hamda hududiy boʻlinmalarda, idoraviy mansub tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish (“komplayens nazorat” tizimi) boʻyicha ichki nazorat tuzilmalari joriy etildi.
«Komplayens nazorat» tizimi toʻlaqonli ishlashini taʼminlash maqsadida 10 dan ortiq yangi idoraviy hujjatlar (buyruq, nizom, tartib, yoʻriqnoma va reglamentlar) ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Tizimda korrupsion holatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda Maktabgacha taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini (korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularga chek qoʻyish hamda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha) amalga oshirish yuzasidan 2022-2023-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Tizimda “inson omili” mavjud yoʻnalishlar aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda.
Xodimlarni ishga qabul qilish ochiq tanlovlar orqali amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish boʻyicha yuqorida sanab oʻtilgan ishlarning oʻzi yetarli emas, albatta. Avvalambor, korrupsiyaga qarshi kurashishni tizimda faoliyat olib borayotgan har bir xodimi oʻzidan boshlashi kerak. Har birimiz oʻz ishimizga halol va vijdonan yondashishimiz lozim. Korrupsiya va uning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish lozim. Korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan koʻra, uni barvaqt oldini olishga oʻrganishimiz kerak.
Maktabgacha taʼlim tizimi xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganda korrupsiyaviy xatti-harakatlarda qatnashmasligi, ular haqida xabar topganda vazirlikning tegishli boshqarmasiga maʼlumot berishi, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, oʻzining yoki boshqa shaxslarning harakatlari yoki qarorlariga taʼsir qilish uchun pul mablagʻlari yoki boshqa qimmatliklar koʻrinishida pora taklif qilmasligi, oʻzi yoki boshqa shaxs foydasiga xizmat majburiyatlaridan chetga chiqmasligi, boshqa xodimlarning ish faoliyatiga aralashmasligi hamda oʻzining xizmat vazifalarini oʻz vaqtida, toʻliq, halol va vijdonan bajarishi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, maktabgacha taʼlim tizimini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish barchamizning asosiy vazifalarimizdan biriga aylanishi kerak. Tizimda faoliyat olib borayotgan har bir xodim har qanday korrupsiyaviy holat uchun jazo muqarrarligini va kechirilmasligini bilishi shart.
Barchamiz bir tanu bir jon boʻlgan holda, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallaymiz.
Yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik, cheksiz kuch-gʻayrat, yutuq va omadlar, oilaviy baxt va saodat tilayman.
Korrupsiyaviy holatlarga duch kelsangiz @antikorr_mdo telegram manziliga murojaat qilishingiz so'raladi.