Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi Jamoatchilik kengashi a’zolari Olmazor tumanida joylashgan 146-son eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish” kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiriga ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim va tarbiya, milliy urf-odatlar uyg’unligi ta’minlanganligini guvohi boʻldilar. Tadbir davomida Kengash a’zolari MTTda tashkil etilgan milliy urf-odatlarimiz “Arqon tortish”, “Oq terakmi – ko’k terak”, “Qarabtep (Lanka)”, “Kim oladiyo shuginaniyo”, “Buvijonlar maktabi” kabi milliy o’yinlar hamda bolajonlar uchun tashkil etilgan “Qo’g’irchoq teatri” loyihalari bilan tanishdi. Ayniqsa, “Kasbim-faxrim” mavzusi doirasida tashkil etilgan “Nonvoy mehnati bilan tanishish” amaliy faoliyati Kengash a’zolarida oʻzgacha taassurot qoldirdi. Jajji tarbiyalanuvchilarning oʻz qoʻllari bilan kulchalarni yasashi-yu, ular ishtirokida tandirda kulchalarni yopilishi amaliy faoliyat boʻlib koʻrinsada, aslida milliy an’analarimizga tayangan holda tarbiyalanuvchilarda non va uning qadri haqida tushunchalarni hosil qilish, eng asosiysi “non isi”ni his ettirish edi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bunday faoliyatlarni tashkil etish orqali aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sog‘lom, e’tiqodli, dili pok, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, insonparvar, barkamol shaxsni tarbiyalashdir. 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish” kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram dasturida bolajonlar Kengash a’zolariga ona Vatanni, bolalikni madh etuvchi she'r, kuy va qo'shiqlar taqdim etildi. Kengash a’zolariga MTTda bolalarga beriladigan taomlardan taqdim etildi. Ular ovqatlarni tanovul qilib, o’z ijobiy fikrlarini bildirdi.
Agrippina Shin Yashnobod tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari holatini oʻrgandi
Shu kunlarda Davlatimiz rahbarining Yashnobod tumaniga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʻlimi vazirining birinchi oʻrinbosari, Maktabgacha taʻlim agentligi direktori Agrippina Shin tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boʻlib, ish jarayonlari holatini koʻzdan kechirdi. Jumladan, tumanning “Dilbogʻ” mahallasida joylashgan 86-, 93- hamda 306-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga berilayotgan taʼlim-tarbiya va muassasa holatini oʻrgandi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yozgi sogʻlomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik, moddiy-texnik baza kabi bir qancha yoʻnalishlarda ayni kundagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq koʻrsatma va metodik tavsiyalar berildi.
Bog'cha bolalariga quvonch ulashildi
Davlatobod tumanida joylashgan sog'ligida nuqsoni bor bolalar tarbiyalanuvchi maxsus maktabgacha taʼlim tashkilotida "Xayr bog'cham" tadbiri o'tkazildi. Tadbirda Namangan viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Davlatobod tumani YHXG xodimlari ishtirok etib, bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshishdi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan ijro etilgan kuy va qo'shiqlar barchaga ko'tarinkilik bagʻishladi. Tadbir yakunida YPX inspektorlari tomonidan bolajonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Kitob tumanidagi chekka hududlardan birida zamonaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti ochildi
Kitob tumanining chekka hududlaridan biri hisoblangan "Zarafshon" MFYda davlat xususiy sherikchilik asosida yana bir nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat boshladi. 40 yillik mehnat tajribasiga ega, "Sog‘lom turmush" medali sohibasi Munavvar Tursunova tomonidan tashkil etilgan "Boychechak" nomli 100 o'ringa mo'ljallangan mazkur muassasada bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bino ochilish marosimida Kitob tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, mahalla faollari, nuroniylar, bolajonlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilari tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2024” kasbiy koʻrik-tanlovi o‘tkaziladi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali metodist va tarbiyachilarni aniqlash hamda ragʻbatlantirish, ularning pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ilgʻor tajribasini keng ommalashtirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, kasbiy faoliyatida ijodkorlik va sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2024” respublika ko'rik-tanlovi o‘tkaziladi. Kasbiy koʻrik-tanlov davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida kamida ikki yil davomida metodist va tarbiyachi lavozimida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega metodist va tarbiyachilar oʻrtasida, 2024-yilning iyun-iyul oylari davomida uch bosqichda quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi: 1-bosqich – Tuman (shahar) miqyosida 2024-yilning 24-28-iyun kunlari; 2-bosqich – hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar) miqyosida 2024-yilning 8-12-iyul kunlari; 3-bosqich – Respublika final bosqichi 2024-yilning 22-26-iyul kunlari. Tanlov quyidagi 6 ta nominatsiya boʻyicha boʻlib oʻtadi: “Eng yaxshi metodist”;“Yilning eng fidokor tarbiyachisi”;“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”;“Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”;“Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi”;“Yangi Oʻzbekistonda yangi avlod bolalarini maʼnaviy kamolotga yetaklovchi еng yaxshi tarbiyachi”. Bunda, “Eng yaxshi metodist” va “Yilning eng fidokor tarbiyachisi” nominatsiyalarida oliy ma’lumotli metodist va tarbiyachilar, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi” va “Yangi Oʻzbekistonda yangi avlod bolalarini maʼnaviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalarida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan tarbiyachilar ishtirok etishlari mumkin. Shu oʻrinda muhim eslatma! Oldingi yillarda tashkil etilgan tanlovning respublika final bosqichida 1-, 2- va 3- o‘rinni egallagan g‘oliblar mazkur tanlovda qayta ishtirok etish huquqiga ega emas. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan metodist va tarbiyachilar tanlovning tuman (shahar) bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhiga o‘zlari faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining pedagogik kengashi tomonidan nomzodi tavsiya etilgan qarorni taqdim etish orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Tanlovning tuman (shahar) saralash bosqichida 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar tanlovning hududiy saralash bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmani, hududiy saralash bosqichida 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar tanlovning respublika final bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritadilar. Tanlovning respublika bosqichida to‘rtta (“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi” va “Yangi Oʻzbekistonda yangi avlod bolalarini maʼnaviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi”) nominatsiyalari boʻyicha birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishiga oʻqishga kirishda tavsiyanomaga ega boʻladilar. Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan metodist va tarbiyachilarning ish tajribasi respublika va hududlar miqyosida ommalashtiriladi hamda ular “O‘z hududining naʼmunali pedagogi” sifatida e’tirof etiladi.
Ko‘p tilli muqobil guruhlar faoliyati bilan tanishildi
Bugun Termiz shahridagi 31-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Kastijio, Shveytsariya elchixonasi xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Raxel Byosh, Maktabgacha ta'lim agentligi direktori o‘rinbosari Oyatillo Raxmatillayev, viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Tashpulatov va boshqa mas'ullar tashrif buyurishdi. Tashrif davomida mehmonlar ko‘p tilli muqobil maktabgacha ta'lim guruhlarini tashkil etish bo‘yicha "Surxondaryo tajribasi" bilan yaqindan tanishishdi. Ma'lumot uchun, mazkur xalqaro hamkorlik natijasida Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Termiz va Muzrabot tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ko‘p tilli muqobil guruhlarga muhtoj oilalarning 400 nafardan ortiq 3-6 yoshli farzandlari, jumladan, viloyatda yashovchi afg‘on bolalari qamrab olingan.