Yangiliklar
Maktabgacha ta'lim agentligi
"XAYR BOG'CHA - SALOM MAKTAB!"

Bugun “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida "Xayr bog‘cha - salom  maktab!” nomli  musiqiy tadbir tashkil etildi. Toshkent shahri boshlab bergan ushbu tadbir keyingi yildan butun Respublikamiz bo‘ylab har yili o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Maqsad: * taʼlim bosqichlarining  uzluksizligi  va  izchilligini  taʼminlash; * maktabgacha va maktab taʼlimi integratsiyasini yo‘lga qo‘yish; * ota-onalar bilan hamkorlik ishlarini jonlantirish hamda bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash  darajasini tubdan yaxshilash. Ko'rgazmali chiqishlar Toshkent shahar DMTT tarbiyalanuvchilari tomonidan ijro etildi. Hozirda yurtimizda 30 mingga yaqin MTT faoliyat yuritib, ularda 2 mln. nafardan ortiq o‘g‘il-qiz taʼlim olmoqda. Shundan jami 563 331 nafari 2022/2023 - o‘quv yilida bog‘chani tamomlaydi. Respublikamiz umumtaʼlim maktablarida 2023/2024 - o‘quv yili uchun 1-sinfiga 732 960 nafar bola qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
"Xayr bog'cha - salom maktab!" madaniy-ma’rifiy tadbiri dasturi hamda tadbirda olingan fotosuratlar

DASTUR.pdf                          

Maktabgacha ta'lim agentligi
Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi

”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–838-son, 06.05.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra: Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:  ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas; Prezident muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi; Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi. Senat tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 1 oy ichida oʻtkaziladi. Тарғибот материали.pptx

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim vakillari tomonidan (NMTTBAT) Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida  onlayn davomat qilish uchun yangi joriy etilgan mobil ilovasining 22-tahriri orqali davomat qilolmayotganligi yuzasidan murojaatlar tarqalmoqda. Ma’lumot uchun, 2022-yilning boshida Maktabgacha ta’lim vazirligi (hozirda Maktabgacha ta’lim agentligi) hamda tegishli mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari shuningdek, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning foydalanish holatlari o‘rganilgan. Natijada ayrim tadbirkorlar tomonidan ularga ajratiladigan subsidiya mablag‘lari hajmini sun’iy ravishda oshirish maqsadida qog‘oz shaklida taqdim etilgan hisobotlarda ma’lumotlarni soxtalashtirib, maktabgacha ta’lim tashkilotida haqiqatda mavjud bo‘lmagan tarbiyalanuvchilar va xodimlarni ko‘rsatish, ular davomati kunlari sonini qo‘shish holatlari aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish hamda subsidiya va kompensasiyalarni ajratish jarayonini shaffofligini ta’minlash maqsadida tarbiyalanuvchilar va xodimlar davomatini elektron tizimga o‘tkazish rejalashtirilib, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi (NMTTBAT) va uning mobil ilovasi ishlab chiqilib, ushbu tizim davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanish, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish hamda subsidiya va kompensasiyalarni ajratish jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson omilini keskin kamaytirish va korrupsion holatlarni oldini olishga xizmat qilmoqda. Hammamizga ma’lumki, dunyodagi barcha axborot tizimlar va mobil ilovalar ularni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan doimiy ravishda takomillashtirilib boriladi. Misol uchun, bugungi kunda smartfonlarda foydalanilayotgan dasturiy ta’minotlar (“Android” yoki “IOS”) hamda mobil ilovalarning (Telegram, Instagram, Facebook va boshqalar) yangi taxriri (versiyasi) telefon qurilmalariga muntazam yetkazib beriladi. Shular kabi NMTTBAT va uning mobil ilovasida ham, joriy etilganidan buyon doimo takomillashtirilib, qo‘shimcha funksiyalar va imkoniyatlar kiritilib borilmoqda. Misol uchun, NMTTBATning mobil ilovasining yangi 22-tahririda ota-onalar badali to‘lovi uchun fiskal belgiga ega elektron chekni shakllantirish va bu to‘lov qabul qilinganligi to‘g‘risida tarbiyalanuvchi ota-onasining mobil telefon raqamiga xabarnoma jo‘natish, xodimlarning plastik kartalariga ish xaqini o‘tkazish jarayoni holatini aniqlash, tarbiyalanuvchi fotosurati haqqoniyligi tasdiqlash, elektron yo‘qlama qilingan bolalar va xodimlarning sun’iy intellekt yordamida haqiqiyligini tasdiqlash kabi imkoniyatlar va funksiyalar kiritilgan. Bu ilovaning boshqa ilovalardan eng katta farqi shundan iboratki, bolalar va xodimlar davomatining elektron yo‘qlamasi sun’iy intellekt orqali  tahlil qilinib, odamning yuzidan emas, balki foto va video orqali amalga oshirilgan yo‘qlamalar avtomatik tarzda aniqlanadi va ular soxtaligi sababli NMTTBAT tomonidan hisobga olinmaydi. Shuningdek, sun’iy intellektning yo‘qlamalar natijasi bo‘yicha xulosalari bir ish kuni mobaynida foydalanuvchilarga mobil ilova orqali uzatib boriladi. Keling endi NMTTBAT mobil ilovasining yangi 22-tahriri foydalanishga joriy etilgandan buyon sun’iy  intellekt tomonidan o‘tgan 4 ish kuni davomida qilingan yo‘qlamalar bo‘yicha xulosalarning statistikasiga nazar tashlasak. Demak: 16-may kuni yo‘qlama qilingan 235,5 ming nafar tarbiyalanuvchilardan 74,5 ming nafari (31,6 foizi), 17-may kuni 333,7 ming nafar tarbiyalanuvchilardan 69,7 ming nafari (20,9 foizi), 18-may kuni yo‘qlama qilingan 355,4 ming nafar tarbiyalanuvchidan 44,5 ming (12,5 foizi), 19-may kuni 361,2 ming nafar tarbiyalanuvchidan 30 ming nafari (8,3 foizi) bo‘yicha yo‘qlamalar soxtalashtirilib, foto surati va video roliklardan foydalanilgan holda amalga oshirilgan. Aniqlangan holat bo‘yicha lavhalardan o‘zingiz guvoh bo‘ling: Yuqoridagi raqamlarni umumlashtirib hisoblasak faqatgina 4 kun davomida davlat byudjetining 3 mlrd.so‘mga yaqin subsidiya mablag‘lari maqsadsiz sarflanishini oldi olinganligining guvohi bo‘lamiz. Hurmatli tadbirkorlar, NMTTBAT foydalanuvchilari!!! Davlat byudjeti mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanish masalalarida mas’uliyat bilan yondoshishingizni iltimos qilib qolamiz. Shuningdek, Maktabgacha ta’lim agentligi, axborot tizimidan to‘g‘ri foydalanib, maktabgacha ta’lim tizimining rivojlanishida munosib hissasini qo‘shib kelayotgan halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Agentlik, ushbu axborot tizimi va uning mobil ilovasi bosqichma-bosqich takomillashtirilib borish ishlari davom ettirilishini ma’lum qiladi. Yuzaga keladigan barcha savollaringiz bo‘yicha aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun quyidagi telefon raqamlari va telegramm kanallariga biriktirilgan bot orqali murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz. Har bir savolingiz biz uchun muhim.  Savol va murojaatlar bilan bog‘lanish aloqalari: (+998 71) 207 04 07 (+998 99) 250-84-84  https://t.me/help_nmttbat https://t.me/nmttbat_chat   

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agentlik tomonidan “Aqlvoy-oshpaz” bolalar taomlari kitobining yuritilishi va yagona mavsumiy taomnoma asosida ovqat tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha seminar tashkil etildi

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish ishlarini yanada takomillashtirish, belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda ovqatlantirishni tashkil etish orqali bolalarning sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash, sog‘lom ovqatlantirishning zamonaviy usullarini joriy etgan holda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida, joriy yilning 17-19 may kunlari Maktabgacha ta’lim agentligi studiyasida respublikamizdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman (shahar) shoʻba mudirlari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi 9 mingga yaqin xamshira va oshpazlar, omborxona mudirlariga malakali texnologlar tomonidan interaktiv usullardan foydalangan holda ochiq muloqot, savol-javob shaklida seminar-treninglar tashkil etildi. Seminar-treningda “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarni xavfsiz va sifatli ovqatlanishini tashkil etilishiga oid gigiyenik talablar” 0016-21-son SanQvaM hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etish uchun “Aqlvoy-oshpaz” bolalar taomlari kitobining yuritilishi va yagona mavsumiy taomnoma asosida ovqat tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Shofirkondagi bog'chada "Diqqat yo'lovchi - diqqat bolalar" mavzusida amaliy o‘quv seminari bo'lib o'tdi

Kuni-kecha Shofirkon tumanidagi 4-son davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida  "2022—2026-yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan  "Xavfsiz va ravon yo‘l" umummilliy Dasturi"ga bag‘ishlangan "Diqqat yo'lovchi  diqqat bolalar" mavzusida amaliy o‘quv seminari tashkil etildi.  Seminarda tumandagi barcha davlat MTTlarning direktorlari ishtirok etdilar.  Ma'lumot o‘rnida, "Xavfsiz va ravon yo‘l" umummilliy Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, 2022-yil 12-iyundagi PQ-316-son Qarori bilan tasdiqlangan.

Maktabgacha ta'lim agentligi
So‘x tumanida alohida ta’limga ehtiyoji bo'lgan bolalarni qabul qilish bo‘yicha tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Kuni-kecha Farg'ona viloyati So'x tumanida Maktabgacha ta'lim agentligi xodimlari va Farg'ona viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi huzuridagi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya mutaxassislari ishtirokida  bolalarni So'x tumanidagi 4-sonli qo'shma turdagi  davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga yo'naltirish bo'yicha ishlar olib borildi.  Ushbu qo'shma turdagi  davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti 2023-yilda yangi zamonaviy binoda tashkil etilib, 10 ta guruhga mo'ljallangan, shundan 4 ta guruh  alohida ta’limga ehtiyoji bo'lgan bolalarni qabul qilishga yo'naltirilgan.  Mutaxassislar tomonidan rivojlanishdagi o'ziga xos xususiyatlarini va maxsus ta'lim sharoitlariga bo'lgan ehtiyojni o'z vaqtida aniqlash maqsadida 2 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalar o'rtasida tekshiruv o'tkazildi. Shuningdek, so'rov natijalariga ko'ra bolalarga tibbiy, psixologik va pedagogik yordam ko'rsatish bo'yicha tavsiyalar tayyorlandi. Maxsus ta'lim ehtiyojlariga ega bo'lgan bolalarning ota-onalari va pedagoglariga ularning o'quv jarayonini tashkil etish bo'yicha konsultativ yordam ko'rsatildi. Eslatib o'tamiz: Qo‘shma turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi inklyuziv guruhlar tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 391-sonli qarori 3-ilovasida belgilab berilgan.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim tizimida pedagog kadrlarning malakasini oshirish tizimida olib borilayotgan ishlar haqida

Video - https://youtu.be/C4ukrF3OU_8  Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrda 929-son qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar va Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktorlari va pedagog hodimlari, shuningdek, Toshkent shahri va viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachi-pedagoglari malaka oshiradilar.  Institut o‘z faoliyatini boshlagan ilk kundan boshlab bugungi kunga qadar, 36 717 nafar rahbar va pedagog xodimlarning malakasini oshirib, nomutaxassis pedagoglarni qayta tayyorlovdan o'tkazdi. Hozirgi kunda institutda 106 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi, shuningdek, 5 ta kafedra, 11 bo‘lim va Innovasion tadqiqot lobaratoriyasi hamda Psixologik markaz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.  Institutda tinglovchilar uchun 320 o‘ringa mo‘ljallangan turar joy mavjud bo‘lib, unda tinglovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  Nomutaxassis pedagoglar uchun qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan bo‘lib, 3 ta (tarbiyachi, defektologiya, psixologiya) yo‘nalishda 576 soatga mo‘ljallangan kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Institutda tinglovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida, an’naviy, masofaviy va ZOOM platformasi orqali malaka oshirish shakllari ham yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga 2022-yilda Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida institutning professor o‘qituvchilari tomonidan sayyor malaka oshirish kurslari ham tashkil qilindi. 2023-yilda ham sayyor malaka oshirish kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda Sirdaryo viloyatidagi tinglovchilar uchun  institutning professor o‘qituvchilari tomonidan sayyor malaka oshirish kurslariga dars berilib kelinmoqda. Ma’lumot uchun:  Bugungi kun holatiga ko‘ra,  maktabgacha ta’lim tashkilotlarida  jami 152 897  nafar rahbar va pedagoglar faoliyat yuritmoqda.   

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Vazirlik rahbariyati “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” tanlovi g‘oliblarini taqdirladi

Fotoreportaj - https://mpe.uz/post-detail/posts/photo-gallery/2478  Bugun Maktabgacha ta’lim agentligida, Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 15-may “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” nomli tanlovning g‘oliblari taqdirlanib, ularning qo‘l mehnati ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.Umarova va O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin ishtirok etishib, tanlovda g‘olib bo‘lgan jami 36 nafar tarbiyalanuvchilarni ota-onalari bilan birgalikda taqdirlashdi. Gʻoliblarni taqdirlash jarayonida,  O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.Umarova tomonidan bu kabi tanlov va ko‘rgazmalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilishi,  ilk bolalik yoshidanoq  oila muqaddas dargoh ekanligini singdirib borilishida xizmat qilishi ta’kidlandi. Vazir X.Umarova o‘z nutqida Sharq dunyosida oila qadimdan muqaddas dargoh sifatida qadrlanganligi, oilada vatanga sadoqat, ota-onaga oqibat, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat omillari o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirilib, oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirishga, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi haqida  ma’lum qildi va tanlov g‘oliblarini tabrikladi.   Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin tadbirda ishtirok etayotgan ota-onalar hamda tanlov g‘olibi bo‘lgan tarbiyalanuvchilarni tabriklab, o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Biz bugungi “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” nomli tanlovni hamda qo‘l mehnati ishlari ko‘rgazmasini tashkil etish orqali bolalarda oila, oilada tinch-totuv yashash, o‘zaro mehribonlik, g‘amxo‘rlik haqidagi tushunchalarni mustahkamlashni hamda kelgusida bir birlariga bo‘ladigan munosabatni yaxshilash kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Jamiyatimizda "Oila" so‘zi nafaqat oila ishtirokchilariga, nisbatan balki jamiyatimizdagi kelajak avlodni tarbiyalashda bel bog‘lagan pedagoglar jamoasi, ya’ni biz ishlayotgan dargoh ham bir oiladir, yurtimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham bir oiladir. Biz pedagoglar birgalikda bitta oila bo‘lib ushbu tadbirlarni tashkil etayapmiz, ertaga sizu biz tarbiyalayotgan yangi avlodimiz ham o‘z oilalarini tuzishadi va jamiyatimizning ahil oilalaridan biriga aylanishadi.  “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” nomli qo‘l mehnati ishlari ko‘rgazmasini tashkil etilishi bilan oilalar va ta’lim tashkilotlarining o‘zaro munosabatlari yanada mustahkamlanishiga erishiladi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.” Bugungi “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” nomli tadbirda MTT tarbiyalanuvchilari bilan birgalikda ota-onalar ham ishtirok etishdi. “Ushbu tanlovda ishtirok etish uchun tayyorgarlik jarayonida farzandimning qiziqishlari va qobiliyatini yanada ko‘proq angladim, bu kabi  oila va maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik tadbirlaridan xursandman,”-deydi Uchtepa tumani 411-sonli MTT tarbiyalanuvchisi O‘sarova Malikaxonning onasi Amirqulova Dilfuza. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-apreldagi “15-may –Xalqaro oila kuni”ni keng nishonlash va “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi 13-son majlis bayoniga ko‘ra,maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Oilam uchun men o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan sovg‘am” nomli qo‘l mehnati ishlari tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash vazifasi belgilangan edi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida Islom taraqqiyot banki, ta'lim manfaatlari bo'yicha Global hamkorlik va UNICEF ning O'zbekistondagi vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari – Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin bugun O'zbekistonda ITB, GH va UNICEF vakillari bilan uchrashuv o' tkazdi.  Xorijiy tomon mamlakatimizda maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining yuqori samaradorligini qayd etdi.  GH mintaqaviy menejeri janob Nils Raysmanning aytishicha, 2017-yildan buyon O'zbekiston tomoni kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta'lim berishda katta yutuqlarga erishgan va bu o'sish tendensiyasi kelajakda ham davom etishini tilab qoldi. O'z navbatida, ITB vakili Janob Muhammad Mirza bank O'zbekiston tomonining iltimosiga binoan ta'lim sohasida qo'shimcha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko'rib chiqishga tayyorligini ma'lum qildi. Eslatib o'tamiz, 2023-yil 27-aprel kuni O'zbekiston hukumati va Islom taraqqiyot banki o'rtasida Toshkent xalqaro investitsiya forumida Qarz bitimi imzolangan bo'lib, uning doirasida 2027-yil oxirigacha respublika hududlarida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 120 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilishi rejalashtirilgan.  Shu bilan birga, UNICEF ning O'zbekistondagi ta'lim sektori rahbari Janob Alberto Byankoli bolalarga yordam berish xalqaro jamg'armasining mamlakatda maktabgacha ta'lim sifatini oshirish masalalarida, xususan, maktabgacha pedagogika, o'quv-uslubiy va o'yin materiallarini takomillashtirish orqali Maktabgacha ta'lim agentligiga faol ko'maklashish niyati haqida xabar berdi. Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu samarali uchrashuv o'tkazilgani uchun minnatdorliklari, samarali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Toshkent shahridagi Puchon universitetida 2022-2023-o‘quv yili bitiruvchi talabalarining “Bitiruv ishlari ko‘rgazmasi va taqdimoti” o‘tkazildi.

“Bitiruv ishlari ko‘rgazmasi va taqdimoti” ("Graduation work exhibition and presentation") Koreya Respublikasi tajribasiga asoslangan Toshkent shahridagi Puchon universitetidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini taqdim etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Toshkent shahridagi Puchon universiteti filialida 2022-2023-o‘quv yilini yakunlash bo‘yicha  fakultetlar faoliyati hamda talabalarning kasbiy qobiliyatlari taqdimotini tashkil etish maqsadida 10,11-may kunlari  “Bitiruv ishlari ko‘rgazmasi va taqdimoti” ("Graduation work exhibition and presentation") quyidagi jadvalga muvofiq o'tkazildi: - "Arxitektura" fakulteti -10 may, soat 10.00 - "Koreys tili va menejment" fakulteti -11 may, soat 10.00-12.00 - "Maktabgacha ta'lim" fakulteti -11 may, soat 14.00-17.00 Joriy yilning 10-may kuni  taqdimot  "Arxitektura" yo‘nalishi bilan boshlanib, bugun 11-may kuni "Maktabgacha ta’lim", "Koreys tili va menejment"i yo‘nalishlari bilan davom etdi. Bitiruv ishlari taqdimotida  talabalarning ijodiy va ko'rgazmali chiqishlari, arxitektura obyektlari va inshootlari loyihalari, shuningdek, biznes startaplari namoyish etildi. Ushbu taqdimotga O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda agentlik direktorining o‘rinbosarlari, Maktabgacha ta’lim agentligi huzuridagi Loyiha izlanish instituti  direktori va Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori  ishtirok etishib, talabalarning ishlarini kuzatishdi va tanishishdi.  Eslatib o‘tamiz, ikki davlat hamkorligida 2018-yildin buyon Toshkent shahrida Koreyaning Puchon Universiteti filiali faoliyat  olib bormoqda. Bugungi kunda universitetda ta’lim jarayoni 7 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilmoqda: “Maktabgacha ta’lim”, “Arxitektura”, “Koreys tili va menedjment”, “Nutrisiologiya va diyetologiya”, “Axborot texnologiyalari”, “Multimediya va o‘yin kontenti”, “Elektron biznes”, shuningdek kunduzgi ta’lim  qatorida sirtqi va kechki ta’lim turlari ham mavjud. Hozirgi kunda universitetda 1 457 nafar talaba tahsil olmoqda, shulardan 240 nafari bitiruvchi hisoblanadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Qashqadaryoda “Aqlvoy” avtobuslarini topshirish marosimi o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, "Aqlvoy" avtobuslarining navbatdagi karvoni yurtimizning janubi bo‘lmish, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yuborilgan edi. Kuni-kecha Qashqadaryo viloyatiga yetib borgan "Aqlvoy" avtobuslarining tegishli hudud vakillariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.  "Aqlvoy" avtobuslarini Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov  Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlarining mas’ullariga  tantanali ravishda topshirdi.   "Aqlvoy" avtobuslarini tantanali topshirish tadbirida ishtirok etgan viloyati hokimi M.Azimov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: "Qayd etish lozimki, “Aqlvoy” mobil guruhlar faoliyati maktabgacha ta’lim sohasida jahon e’tirofiga sazovor bo‘layotgan loyiha hisoblanadi. Mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan ISUZU НC-40 avtobuslarida bolajonlar ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shubhasiz, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va qishloqlardagi bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini beruvchi innovatsion yechimdir."  “Aqlvoy” avtobuslarining Qashqadaryo viloyatidagi Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlariga yetib kelgan  navbatdagi karvoni natijasiga ko‘ra, 6 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jihozlangan) tashkil etilib, 3 ta ISUZU HC-40 avtobuslari orqali ushbu hududlarda 6 ta mobil guruhlari tashkil etilib, ularda 288 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi. Ma’lumot uchun: Tajriba-sinov loyihasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2019-2021-yillarda, mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha viloyatning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Ko‘kdala, Muborak va Kasbi tumanlariga zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 7 ta  avtobuslar berilib, natijada viloyatning 7 ta mahallalarida 7 ta jihozlangan maydonchalar tashkil etilgan va viloyatning eng chekka va olis hududlaridagi 396 nafarga yaqin maktabgacha ta’limga qatnamaydigan 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan edi. Shuningdek, 7 nafar haydovchi, 14 nafar tarbiyachi va tarbiyachi yordamchilari ish bilan ta’minlangan.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Yurtimizning barcha go‘shalarida 9-may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda

Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida 9-may – Xotira va qadrlash kuni  keng nishonlanmoqda.Bayram munosabati bilan poytaxtimizdagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin va agentlik xodimlari  ishtirok etishib, "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi va urushda halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Hamkorlik uchrashuvi

Kuni-kecha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi  xodimlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  Uchrashuv davomida Maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining shaxsiy fazilatlari, kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan asosiy talablar majmuini belgilaydigan hujjat “Maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti” loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha - Maktabgacha ta’lim sohasida kadrlar tayyorlash tizimida asosiy me’zon sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilganligi bilan muhim hisoblanadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Poytaxtdan yo‘lga chiqqan “Aqlvoy” avtobuslari Surxonga yetib bordi

Xabaringiz bor, kuni-kecha Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan yurtimizning janub hududlariga jami 7 ta “Aqlvoy”  avtobuslari yuborilgan edi. Bugun Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Aqlvoy”  avtobuslari tantanali kutib olinib, tegishli hudud vakillariga topshirish jarayoni bo‘lib o‘tdi.  Tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi U.Qosimov ishtirok etib, qamrov darajasi past bo‘lgan hududlar uchun yana 4 ta maxsus jihozlangan,  “Aqlvoy” avtobuslarini topshirdi.  Viloyat hokimi U.Qosimov o‘z nutqida, ushbu 4 ta mobil bog‘chalar hisobiga hududlarda yana 24 ta guruhda 384 nafar bolalarning maktabgacha ta’limga qamrab olinishiga erishilishi quvonarli ekanligini ta’kidladi. Ma’lumot o‘rnida, 2019-yilda dastlab Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumaniga, 2021-yilda vohaning Bandixon, Oltinsoy, Denov, Uzun tumanlariga “Aqlvoy”  avtobuslari berilgan edi. Bugun vohaga kelgan 4 ta yangi avtobuslar evaziga viloyatdagi “Aqlvoy” mobil avtobuslarining soni jami 9 tani tashkil etmoqda.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
RASMIY MUNOSABAT

Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Navoiy viloyatida bog‘cha tarbiyachisi tarbiyalanuvchini kaltaklagani haqida”gi videomurojaat zudlik bilan nazoratga olindi.  Ushbu holat  Navoiy viloyati Karmana tumani “Kumushkon” MFYdagi YATT “Sh.S.” davlat-xususiy sheriklik asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir etilganligi aniqlandi.  Ma’lumotlarga ko‘ra, tarbiyalanuvchiga qilingan qo‘pol hatti-harakat shu bog‘chaning tarbiyachi yordamchisi S.Yu. tomonidan sodir etilgan. Hozirgi paytda holat yuzasidan tuman ichki ishlar idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligi, S.Yu.ning hatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi va aybdor deb topilgan shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz. Mazkur holat yuzasidan  qo‘shimcha axborot taqdim etiladi. Hurmatli davlat-xususiy sheriklik asosidagi barcha nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari  rahbarlari diqqatiga !  Ota-onalar tomonidan Sizlarga ishonib topshirilgan bolalarga nisbatan mas’uliyat bilan e’tiborli bo‘lishingizni talab qilinadi, aks holda  majburiyatlar bajarilmaganligi uchun davlat va xususiy sherik o‘rtasida tuzilgan bitim shartlari buzilgan hisoblanib, qonunchilik asosida choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiramiz.

Maktabgacha ta'lim agentligi
OAV biz haqimizda...

“Aqlvoy”  avtobusi - olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va qishloqlardagi bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini beruvchi innovatsion yechimdir. Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar loyihaning 1 va 2 bosqichlari davomida 65 ta ISUZU HC-40 avtobuslari bazasida 7 mingga yaqin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinib, 387 ta mobil guruhlari tashkil etilgan edi. Loyihaning uchinchi bosqichida janub viloyatlariga yuborilgan  jami 7 ta avtobuslar yana 672 nafar bolalarni qamrab olib, 42 ta mobil guruhlarni tashkil etish imkonini beradi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Janubga yo‘l olgan “Aqlvoy” avtobuslari

“Aqlvoy” mobil guruhlar faoliyati maktabgacha ta’lim sohasida jahon e’tirofiga sazovor bo‘layotgan loyiha desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan yurtimizning janubiy hududlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga ham “Aqlvoy”  avtobusi yo‘l olgani bizni quvontiradi. Mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan ISUZU NC-40 avtobuslarida bolajonlar ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shubhasiz, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va qishloqlardagi bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini beruvchi innovatsion yechimdir.   Loyiha faoliyatiga nazar solsak, u tajriba-sinov loyihasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tumanlari (jami 16 ta) da amalga oshirildi va mobil guruhlarni “Uzavtosanoat” ko‘magi bilan zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 16 ta ISUZU NC 40 avtobuslarida tashkil etildi. Mazkur tajriba-sinov loyihasini amaliyotga joriy etish natijasida respublikamizdagi 40 ta mahallalarida 44 ta jihozlangan maydonchalar tashkil etilgan va respublikamizning eng chekka va olis hududlaridagi 1 600 nafarga yaqin maktabgacha ta’limga qatnamaydigan 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan. Shuningdek, 2021-yilda respublikaning barcha hududlariga “Aqlvoy” mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan 49 ta ISUZU HC-40 avtobuslari yuborildi va 98 ta o‘yin maydonchalari qurildi va jihozlandi. Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichida 294 ta mobil guruh tashkil etilib, unga qo‘shimcha 4 704 nafar bolalar qamrab olingan bo‘lsa, hozirda  65 ta ISUZU HC-40 avtobuslari bazasida 7 mingga yaqin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinib, 387 ta mobil guruhlari tashkil etildi va aholining 195 nafari (65 nafar haydovchi, 130 nafar tarbiyachi va tarbiyachi yordamchilari) ish bilan ta’minlandi. Bugun esa navbatdagi bosqichga ko‘ra, joriy yilning 5-may kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlarida 6 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jixozlangan) tashkil etilib, 3 ta ISUZU HC-40 avtobuslari va shuningdek, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on tumanlarida 8 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jixozlangan) tashkil etilib, 4 ta ISUZU HC-40 avtobuslari qayta jihozlanib yuborildi. Natijada, ushbu hududlarda 42 ta mobil guruhlari tashkil etilib, ularda 672 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agentlikda navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi

Maktabgacha ta’lim agentligi markaziy apparati xodimlari ishtirokida navbatdagi “Huquqiy savodxonlik soati” tashkil etildi. Unda Maktabgacha ta’lim agentligi direktorining maslahatchisi X.Buriyev o‘tgan hafta davomida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirib berdi.  Shuningdek,  yuqori turuvchi tashkilotlardan va fuqarolardan kelib tushayotgan topshiriq va murojaatlarni o‘z vaqtida sifatli ijrosini ta’minlash va murojaatlarni zudlik bilan hal etish masalalari haqida so‘zlandi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida UNICEF ning O'zbekistondagi vakillari va ta'lim sohasidagi xalqaro ekspert bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bugun Maktabgacha ta'lim agentligi direktorining o'rinbosari O.Rahmatillayev UNICEFning O'zbekistondagi vakillari va ta'lim sohasidagi xalqaro ekspert Tereza Gonsales xonim bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuvda tomonlar Surxondaryo viloyatida inklyuziv ta'lim, ijtimoiy xizmatlar va huquqiy yordamdan keng foydalanishni ta'minlashga qaratilgan istiqbolli loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu loyiha Surxondaryo viloyati maktabgacha ta'lim tashkilotlari negizida 10 ta inklyuziv ko'p tilli maktabgacha ta'lim guruhlari, shu jumladan til va etnik jihatdan kam sonli bo'lgan bolalar uchun guruhlarning tashkil etilishini nazarda tutadi. Loyiha doirasida UNICEF ta'mirlash ishlari xarajatlarini qoplash, guruh xonalarini mebel, o'yinchoqlar, o'quv materiallari bilan jihozlash, shuningdek uslubiy yordam ko'rsatish shaklida ko'mak beradi. Eslatib o'tamiz, Tereza Gonsales xonim yaqin kunlarda Surxondaryo viloyatida ish yuzasidan tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida u Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining mas'ul xodimlari, loyiha bo'yicha tanlangan maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktorlari, metodistlari va tarbiyachilari bilan suhbatlar o'tkazish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 230-sonli bog‘cha direktorining 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilganligi haqida"  xabarlar tarqalmoqda. Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan ushbu holat zudlik bilan nazoratga olindi. O‘z o‘rnida tuman ichki ishlar organlari tomonidan holat bo‘yicha sudga oid tibbiyot va psixologik ekspertizalari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilayotganligi, tuman prokuraturasi alohida nazoratga olganligi hamda tekshiruv natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qilamiz.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida "Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasi" rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin "Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasi" rektori P.Kuzmin bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv davomida P.Kuzmin mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida  maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining maktabgacha va maktab ta’limi sohasini takomillashtirish masalalariga e’tiborini yuqori darajada baholadi. Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasining Rossiya Federatsiyasi pedagog kadrlarining malakasini oshirish bo’yicha faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi. Rossiya tomoni Rossiya poytaxtining maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirishda Moskva shahri tajribasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, O‘zbekiston tomoni Rossiyaning "Raqamli ta’lim muhiti" (“Цифровая образовательная среда”) federal loyihasi, "Men yagona davlat imtihonidan o‘taman” (“Я сдам ЕГЭ”) loyihasi, qo‘shimcha professional ta’lim raqamli tarmog‘i va ta’limiy kontentdagi raqamli kutubxona bilan tanishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishdagi Rossiya tajribasini o‘rganish, shuningdek, Rossiya ta’lim loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Maktabgacha ta’lim agentligi delegatsiyasini Moskva shahriga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.  

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi rahbariyati va Koreyaning "EdulinkGlobal" kompaniyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari — Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin bugun Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari janob Kim Chang Keon va "EdulinkGlobal"ning Ijrochi direktori Chungrim Xan xonim bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan "S-board" ta'lim platformasini joriy etish bo'yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, "S-board" platformasi ishlab chiquvchilarini mamlakatimiz maktabgacha ta'lim tizimi pedagoglari uchun onlayn o'quv seminarlarini o'tkazishga taklif qilish masalasini muhokama qildilar. Janob Kim Chang, o'z navbatida, Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi O'zbekistonda maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishga ko'maklashishini va Maktabgacha ta'lim agentligi bilan amalga oshirilayotgan barcha qo'shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sa'y-harakatlarini amalga oshirishini ma'lum qildi. Uchrashuv yakunida tomonlar respublika aholisi o'rtasida "S-board" ta'lim platformasini ommalashtirish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishga qaror qildilar.

Maktabgacha ta'lim agentligi
"Taom tayyorlaymiz" ko'rgazmali-didaktik o'yini.

"Taom tayyorlaymiz" ko'rgazmali-didaktik qo'llanmasi kichik va katta maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashga mo'ljallangan bo'lib, oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor ovqatlarning tarkibi, topishmoqlarni topish qobiliyati, e'tibor va xotirani rivojlantirish bo'yicha bolalarning  tasavvurlarini shakllantirishda yordam beradi. Ma'lumki, ovqatlanish bolaning rivojlanishida katta rol o'ynaydi. Bolalarni erta yoshdan boshlab to'g'ri tashkil etilgan, oqilona ovqatlanishga o'rgatish juda muhimdir. To'g'ri tashkil etilgan ovqatlanish tanani barcha zarur oziq moddalar (oqsillar, yog'lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral tuzlar) va energiya bilan ta'minlaydi.  Ushbu didaktik o'yinning maqsadi bolalarning mahsulotlar haqidagi bilimlarini rivojlantirish, qanday mahsulotlar tayyor ovqatlarning tarkibiga kirishi, atrofdagi dunyoga bo'lgan qiziqishni orttirishni o'z ichiga oladi. Bolalarni tasniflash, taqqoslash, umumlashtirish yuzasidan mashq qilishga undaydi. Kommunikativ qobiliyatlarni va izchil nutqni rivojlantirishga ko'mak beradi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Farg‘onada yana bir bog‘cha mukammal rekonstruksiyadan chiqarilib, foydalanishga topshirildi

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining Yuqori mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 22-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining binosi «Obod qishloq» dasturiga asosan mukammal rekonstruksiyadan chiqdi. Kuni kecha quruvchilar tomonidan qurilishi yakunlangan 120 o‘rinli bu bino foydalanishga topshirildi. Binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi D. Jalilov, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimida ishtirok etgan nuroniylar bu binoda tarbiyalangan o‘g‘il-qizlarimiz orasidan olimu-fuzalolar, el koriga yaraydigan farzandlar yetishib chiqishini tilab, duolar qilishdi. Ma’lumot uchun: Bino rekonstruksiyasiga 2 milliard 400 million so‘m mablag‘ sarflandi. Tashkilot binosi 1987 yillarda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab bo‘lib  qolgandi.  Shuning bilan birga barcha mashg‘ulot xonalari va yotoqxonalar zamonaviy mebellar bilan jihozlandi. Bundan tashqari qo‘shimcha 60 o‘rinli yangi oshxona binosi ham qurib bitkazildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari hamda xalqaro ekspert Surxondaryoda

Kuni-kecha Surxondaryo viloyatida UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi  ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili ishtirokida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida viloyatimizda loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar kelishib olindi. Shuningdek, Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Birlashgan millatlar tashkiloti bolalar jamg’armasi UNICEF tashkiloti tomonidan olib borilayotgan “Surxondaryo viloyatida inklyuziv ta’lim, ijtimoiy xizmatlar va yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida koʻp tilli taʼlimga yoʻnaltirilgan muqobil maktabgacha taʼlim guruhlari ochilishi rejalashtirildi. Uchrashuvdan so'ng, loyiha bo'yicha UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi  ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili Termiz shahridagi bir nechta maktabgacha ta'lim tashklilotlarini ko'zdan kechirishdi. Tashrif  doirasida loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va metodistlari, hamda tarbiyachilari bilan suhbat o'tkazildi. Shuningdek, ota-onalar va mahalla vakillari bilan ham uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
O'zbekiston Maktabgacha ta'lim agentligi vakillari va Koreyadagi Puchon universiteti vakillari o'rtasida hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi

Biroz oldin xabar berganimizdek, O'zbekiston Maktabgacha ta'lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada qisqa muddatli xizmat safarda bo'lishdi. Safarning navbatdagi kun tafsilotlari haqida batafsil: Agentlik direktori o'rinbosari N.Muslitdinov boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta'lim agentligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Seul shahrida, joriy yilning 27-aprel kuni Koreya Respublikasidagi Puchon universitetining Prezidenti Janob Xan Chong Sok bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda Birinchi prorektor, Akademik masalalar bo'yicha prorektor, Rejalashtirish masalalari bo'yicha prorektor, shuningdek, Koreya Respublikasidagi Puchon universitetining xalqaro bo'limi boshlig'i ishtirok etdi.   Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim agentligi tomonidan Toshkent shahridagi Puchon universiteti oldida belgilangan masala va vazifalar, ya'ni 2023-2024 o'quv yilida "Maktabgacha ta'lim" fakultetida magistratura yo'nalishining ochilishi, koreys tajribasidan foydalangan holda maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish, xorijiy professorlar ishtirokida ma'ruzalarni ko'paytirish maqsadida ta'lim jarayonida onlayn ta'lim formatini joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi. Koreya tomoni, o'z navbatida, yuqoridagi vazifalarni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada qisqa muddatli xizmat safarida bo‘lib turishibdi.   Agentlik vakillarining Janubiy Koreyadagi xizmat safari davomida:  -bolalarga erta ta’lim berishni rivojlantirish sohasida faoliyat ko`rsatayotgan Janubiy Koreyaning ta`lim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari o‘rtasida  uchrashuvlar o`tkazish; -uchrashuvlar davomida ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish; - Puchon universitetining 65 yilligini nishonlash marosimida ishtirok etish kabi tadbirlar rejalashtirilgan. Xizmat safarining birinchi kunida O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov va maslahatchisi X.Buriyev hamda Koreya bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va maktabgacha ta`lim instituti (KICCЕ) rahbari Sanghee Park o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Institut rahbari Sanghee Park O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan 2021-yil 16-dekabrda tuzilgan bitim doirasida o`zaro hamkorlik aloqalari saqlanib qolganidan minnatdorlik bildirdi.  Agentlik direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov maktabgacha ta’lim sohasida ta’lim sifatini samaradorligini va pedagoglar malakasini oshirish hamda baholash  uchun kelajakda mazkur Instituti (KICCЕ) bilan qo‘shma loyihalarni davom ettirishlarini ma`lium qildi. Bizni kuzatishda davom eting, xizmat safarining navbatdagi ushrashuvlari haqida ma’lum qilib boriladi.

Вид сайта
Размер шрифта