Siyosiy hayot
Maktabgacha ta'lim agentligi
JANUBIY KOREYANING PUCHON UNIVERSITETIGA TASHRIF

       A.Shin boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Janubiy Koreyaga tashrifining 3-kunida Puchon universitetida bo'ldilar.         Puchon universitetiga 1958-yil Xan Hang Gil tomonidan texnika maktabi sifatida asos solingan. Hozirgi kunda universitet hududida ikkita kampus joylashgan: asosiy bino va Koka kampusi. Universitet prorektorlari delegatsiyani 3 ta - Kosmetologik parvarish va dizayn, Aviatsiya xizmati, Sog'lom ovqatlantirish yo'nalishlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirdilar. Har bir yo'nalish bo'yicha o'quv jihozlari mukammal ta'minlangan bo'lib, talabalar amaliyotda sinab ko'rishlari uchun mo'ljallangan.         Tomonlar bilan muloqot davomida kelgusida Toshkent shahridagi Puchon universitetining filialida  Kosmetologiya va Sog'lom ovqatlantirish fakultetlarini ochish rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi.       Ma'lumot uchun, Toshkent shahridagi Puchon universitetida talabalar Maktabgacha ta’lim, Arxitektura, Koreys tili va menejment, Dietologiya va nutritsiologiya, Axborot texnologiyalari, Elektron biznes, Multimedia va o’yin kontenti yo'nalishlari bo'yicha tahsil olmoqda.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
O‘zbekistonning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston—2030” strategiyasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston—2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston—2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari joriy yilning 31-iyulidan boshlab regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarida muddatlar va ijrochilar kesimidagi amaliy vazifalar, erishiladigan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va strategiyani amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Fuqarolardan loyihalarning muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflarni regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallariga yuborishlarini so‘raymiz. Jamoatchilik muhokamasi 2023-yil 9-avgustga qadar davom etadi.   Unutmang, Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!

Maktabgacha ta'lim agentligi
#Uchrashuv

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakolatxonasining yangi direktori janob Shin Myong Sok oʻrtasida tanishuv uchrashuvi boʻlib oʻtdi.  Uchrashuvda vakolatxonaning sobiq direktori Pak Sunjin xonim ham ishtirok etib, samarali hamkorlik uchun Maktabgacha ta’lim agentligi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, yangi tayinlangan direktorni tanishtirdi. Janob Shin Myong Sok, o‘z navbatida, O‘zbekistonda o‘z missiyasini boshlashga tayyorligini bildirdi va maktabgacha ta’lim sohasidagi loyihalar muhimligini ta’kidladi. Uchrashuvda qoʻshma loyihalarning butun majmuasi, shuningdek, maktabgacha taʼlim sifatini oshirish yoʻlida hamkorlikni yangi jihatlarda yanada rivojlantirish zarurligi ham muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni “Pedagog kadrlarni  tayyorlash va malakasini oshirish kompleks markazi hamda Toshkent shahrida innovatsion davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish” loyihasi bo‘yicha Koreya tomonidan ishlab chiqilgan loyiha dizaynini ma’qullab, o‘z majburiyatlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarilgani uchun KOICA vakolatxonasi vakiliga minnatdorlik bildirdi.  Ma’lumot uchun: “Pedagog kadrlarni  tayyorlash va malakasini oshirish kompleks markazi hamda Toshkent shahrida innovatsion davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish” loyihasining maqsadlari quyidagilardan iborat: -maktabgacha ta'lim tizimining pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish; - Erta yoshdagi bolalarni rivojlantirish markazi bilan birgalikda Kompleks markaz va Koreya modelidagi 500 o‘ringa mo‘ljallangan innovatsion maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va foydalanishga topshirish; - mamlakat aholisining bolalar rivojlanishida maktabgacha ta'limning ahamiyatini keng e'tirof etishiga erishish.

Maktabgacha ta'lim agentligi
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi xonim hamda Parijdan tashrif buyurgan YUNESKO missiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

12-iyul kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi xonim, Parijdan tashrif buyurgan YUNESKO tadqiqot missiyasi o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar Toshkentda o‘tkazilgan “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik va ta’lim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning YUNESKO shafeligida 2-toifali mintaqaviy markazni ochish bo‘yicha bergan taklifini amalga oshirishga qaratilgan masalalarni ko'rib chiqishdi. Shuningdek, uchrashuvning kirish qismida tomonlar jahon konferensiyasi davomida YUNESKOga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan YUNESKOning Toshkent deklaratsiyasiga kiritilgan shartlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilishi kutilayotgan 2-toifali  mintaqaviy markazga maktabgacha ta’lim bilan birgalikda maktab va oliy ta’limni rivojlantirish masalalarini kiritilishi lozimligi to‘g‘risida”gi taklif kiritildi. Yig‘ilishning asosiy qismi hududiy markazni ochish bo‘yicha kelgusidagi harakatlarni muhokama qilishga qaratildi. Mazkur markazni ochish uchun texnik-huquqiy shart-sharoitlarni tayyorlash bo‘yicha ham vazifalar belgilab olindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha missiyaning loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi bilan birgalikdagi faoliyatini davom ettirishi qayd etildi va missiya yakunida yakuniy yig‘ilish tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
#iqtibos #Aqlvoy_avtobuslari

“Euronews” telekanali orqali “Aqlvoy” avtobuslari haqidagi reportajni ko‘rib,  mamlakatning chekka hududlaridagi bolalarni qamrab olish qaroridan hayratda qoldim. Bugun esa men Samarqand viloyatidagi tashrifimiz davomida o‘z ko‘zim bilan noyob loyihani ko‘rdim, shuningdek bizda hali mavjud bo‘lmagan erta rivojlanish markazlarida ham bo‘ldim. Bugun biz qardosh mamlakatlarimiz bilan maktabgacha ta’lim sohasida hamkorlik qilib, tajriba o‘rganayotganimizdan juda xursandmiz!  Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Majidiy Yusuf “Euronews”  telekanalida efirga ketgan “Aqlvoy” avtobuslari haqidagi reportajni ko‘rishingiz mumkin: https://is.gd/AvHGDF          

Maktabgacha ta'lim agentligi
Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasi belgilandi

“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–848-son, 16.06.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi Qonunga muvofiq, quyidagi jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega: kam ta’minlangan shaxslar, agar ular: ·        fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar; ·        ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar; ·        ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar; ·        jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa; ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda; o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar; Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi. Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida maxsus vakolatli davlat organiga (Adliya vazirligiga) og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi. Ariza maxsus vakolatli davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi (Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan hollar va muddatlar bundan mustasno). Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi. Maxsus vakolatli davlat organining davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinganidan keyin tizim advokatni avtomatik ravishda tanlaydi. Advokatga Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda to‘lov amalga oshiriladi. Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga quyidagilar kiradi: Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar:        ushbu Qonunda belgilangan tartibda va hollarda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olishga;         davlat hisobidan yuridik yordam olishni rad etishga;         o‘zlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi chog‘ida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etilishini talab qilishga;         maxsus vakolatli davlat organi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.         Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar:         davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun murojaat qilganda haqqoniy va to‘liq axborot taqdim etishi;         davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishiga ta’sir etuvchi holatlar to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organini o‘z vaqtida xabardor qilishi;    davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun o‘zlari yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etganligi faktlari tasdiqlangan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi. Slayd - Тарғибот материали.pptx

Maktabgacha ta'lim agentligi
Jahon bankining ta’lim bo‘yicha vakili moderatorligida maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari uchun seminar o‘tkazildi

Kuni-kecha Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Maktabgacha ta’lim agentligi mutaxassislari, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali vakillari  uchun “Maktabgacha yoshdagi bolalarning erta rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Jahon bankining ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Sherri Le Motti xonim moderatorlik qildi. Seminarda muhim masalalarni muhokama qilishda ishtirokchilarni faol jalb etgan holda interaktiv shaklda o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilar - Nima uchun erta bolalik rivojlanishining sifati muhim? Erta yoshdagi bolalarning ta’lim sifatini qo‘llab-quvvatlashda – maktabgacha ta’lim tarbiyachisining roli nimada?  kabi ko‘plab savollar muhokama qilindi. Seminar natijalari va ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida masofaviy ta'lim sifatining asosiy tarkibiy qismlari: ta’lim muhiti, masofaviy ta’lim pedagogining kasbiy darajasi, mavjud o‘quv qo‘llanmalarining ahamiyati va o‘ylangan, xavfsiz o‘yin maydonlari haqida fikr almashinildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.

Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi ”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–838-son, 06.05.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra: Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra: ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas; Prezident muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi; Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi. Senat tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 1 oy ichida oʻtkaziladi. 838.pptx

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Sammit qatnashchilari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandda bo‘ldilar

8-9-sentyabr kunlari Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti bo‘lib o‘tdi. 2022-yil 10-sentyabr kuni Sammit ishtirokchilari Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamorohligida ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurishdi. Kunning birinchi yarmida sammit qatnashchilari “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida bo‘lib, markazdan o‘rin olgan “Boqiy shahar” majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchada o‘zgacha taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, mehmonlar Koni Gil merosi markaziga borib, Samarqand qog‘ozlari ishlab chiqarilish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Shuningdek, delegasiya vakillari Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida bo‘ldilar. Ta’kidlash joiz, Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiya fani rivojida muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. E’tiborlisi, mehmonlar Mirzo Ulug‘bek haqida ko‘p eshitgani va uning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos ekanini aytib o‘tishdi. Kunning ikkinchi yarmida sammit ishtirokchilari  Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Mehmonlarga ushbu maqbara tarixi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Sohibqiron Amir Temur bobomiz 1404-yilda nevarasi Muhammad Sulton vafotidan keyin unga atab maqbara qurishni buyuradi. Oilaviy daxmaga aylangan Amir Temur maqbarasi Samarqandning janubi-sharqida bunyod etilgan salobatli imorat o‘laroq, o‘tmishimizdan so‘zlab turadi. Mehmonlar Registon maydonini ko‘zdan kechirar ekanlar, iliq taassurotlar olganlarini qayd etdilar. Uch mahobatli tarixiy obida — Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari bir butun ansamblni tashkil etishi ularning e’tiborini tortdi. Registon maydonini aylanish chog‘ida o‘sha davrda qurilgan binolarning o‘ziga xos uslublari, madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida so‘zlab berildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi

15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi. Ushbu ma’lumotga ko‘ra unda, SHHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mongoliya va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi. Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan. Qayd etilishicha, Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari, SHHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda tashkilot faoliyatini kengaytirish va ustuvor sohalardagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plamining imzolanishi kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bo‘lajak majlis SHHT yetakchilarining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan so‘ng o‘tgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi. Shuningdek, sammit O‘zbekiston Respublikasining SHHTdagi raisligiga yakun yasaydi.   

Вид сайта
Размер шрифта