NODAVLAT TA'LIM XIZMATLARI KO'RSATISH FAOLIYATINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA

news-detail

Nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish, ta'limning yuqori sifatini ta'minlashda davlat va nodavlat ta'lim muassasalari o'rtasida sog'lom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik shaxslar tomonidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat'i nazar, nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatishni lisenziya asosida amalga oshirish tartibini joriy etish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo'nalish va vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

iqtidorli bolalar va iste'dodli yoshlarni aniqlash va qo'llab-quvvatlash orqali ta'lim-tarbiyaning yuqori sifatini ta'minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish;

sog'lom raqobat muhitini shakllantirish uchun an'anaviy ta'lim xizmatlari bilan bir qatorda sifatli va ommabop ta'lim olishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik ta'lim xizmatlari ko'rsatish bozorini jadal rivojlantirish;

ilg'or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o'qitishning innovasion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida ta'lim sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirish.

3. Belgilansinki, nodavlat ta'lim xizmatlari faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslar:

o'z faoliyatini davlat ta'lim standartlari va talablar asosida amalga oshiradi;

amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlarga qat'iy rioya qilgan holda yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlar bilan ta'minlash, ta'lim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko'radi;

o'qish muddati va shartlari, to'lov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ta'lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan o'zaro munosabat o'rnatadi;

o'z faoliyatini aholiga pullik ta'lim xizmatlarini ko'rsatish, xayriya fondlari va grantlardan kelib tushgan mablag'lar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi;

bitiruvchilarga davlat namunasidagi ta'lim to'g'risidagi hujjat beradi.

4. Maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatadigan yuridik shaxslar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o'quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo'lmagan miqdorda ta'lim xizmatlarini ko'rsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o'qishga qabul qilishi belgilab qo'yilsin. Keyingi yillarda o'quvchilarni bepul (grant asosida) o'qitishni davom ettirish bo'yicha qaror nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxs tomonidan ta'lim oluvchining oilaviy sharoiti va uning akademik natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

5. O'zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda aholiga nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslarga davlat mulki bo'lgan foydalanilmayotgan bino, ob'ektlar va inshootlarni davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida o'rnatilgan tartibda sotishni tashkil etsin.

6. Nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslarga ilg'or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilinsin:

ta'lim jarayonini o'qitishning eng zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda fanlarni chuqurlashtirib o'rgatish yo'nalishida tashkil etish;

o'zlariga nom tanlashda Vatanimizning mashhur va buyuk olimlari, jamiyat arboblari ismlaridan o'rnatilgan tartibda foydalanish;

ilg'or ilmiy-amaliy tajribani joriy etish hamda chuqurlashtirib o'rganiladigan fanlarni chet tilida o'qitish uchun ta'lim jarayoniga xorijiy pedagog va mutaxassislarni jalb qilish.

7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda 2018/2019 o'quv yili boshlangunga qadar har bir tuman (shahar)da davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibiga rioya qilgan holda maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadigan kamida bittadan yuridik shaxsni tashkil etish choralarini ko'rsin.

8. Maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadigan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvargacha bo'lgan muddatda quyidagi to'lovlardan ozod qilinsin:

barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg'armasiga majburiy to'lovlardan (yagona ijtimoiy to'lovdan tashqari), bunda ozod qilinayotgan mablag'lar ularni zamonaviy o'quv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruktsiya qilish, kapital ta'mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta'lim xizmatlarini ko'rsatishga maqsadli yo'naltiriladi;

mehnat shartnomasi asosida ta'lim-tarbiya jarayoniga jalb qilingan xorijiy o'qituvchi va mutaxassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to'lov.

9. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaruratdan kelib chiqib, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadigan yuridik shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yangi o'quv asbob-uskunalari va o'quv materiallarini respublikaga olib kirishda (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to'lovlar bundan mustasno) bojxona to'lovlaridan ozod etish va ularning ro'yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini o'rnatilgan tartibda kiritsin.

10. Belgilab qo'yilsinki, yuridik shaxslar tomonidan nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatishda:

Chet ellik o'qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslarga solinadigan daromad solig'i va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasiga ajratiladigan to'lovlardan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida ozod qilinadi;

chet ellik o'qituvchi va mutaxassislarga ikki tomonlama aviachiptalarni xarid qilish bilan bog'liq xarajatlar (uzoq muddatli mehnat shartnoma asosida — bir yilda ikki martadan oshmagan holda) ish beruvchi tomonidan qoplanishi mumkin;

chet ellik o'qituvchi va mutaxassislarning yashash joyi uchun to'lovlar qisqa muddatli mehnat shartnomalariga asosan (bir oydan ko'p bo'lmagan muddatga) ish beruvchilar tomonidan amalga oshiriladi, uzoq muddatli mehnat shartnomalari doirasida ularning yashash joyi uchun to'lovlar shartnoma shartlariga muvofiq ish haqi bilan birgalikda to'lab beriladi.

12. O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar buyurtmalariga asosan nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanadigan yuridik shaxslar tomonidan ishga taklif qilinayotgan xorijiy o'qituvchi va mutaxassislarning kirish vizalarini o'rnatilgan tartibda konsullik va boshqa to'lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirish vazifasi yuklatilsin.

13. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni belgilaydigan hukumat qarorini qabul qilsin:

nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchilik samarali mexanizmlarini joriy etish;

ilg'or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish;

nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish bilan shug'ullanadigan yuridik shaxslar faoliyatini nazorat qilish mexanizmlari;

nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatish faoliyatiga lisenziya berish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash.

14. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;

o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjaev zimmasiga yuklatilsin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev

Toshkent sh., 2017 yil 15 sentyabr, PQ-3276-son

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga

Sharh

Mustaqillik yillarida ta'lim sohasida yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va jahon hamjamiyatida munosib o'rin egallashiga qaratilgan tub o'zgarishlar va islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, umumiy o'rta ta'lim sifatini tubdan oshirish, intellektual, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirishni hamda yoshlarga ta'lim berishni yangi sifat darajasiga ko'tarish, shu jumladan, chet tillari, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo'lgan boshqa fanlarni chuqurlashtirib o'rgatish 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.

Xorijiy tajribalar davlat va nodavlat ta'lim muassasalari o'rtasida sog'lom raqobat fuqarolarning sifatli ta'lim olishga bo'lgan huquqini ro'yobga chiqarishga xizmat qilishini ko'rsatmoqda.

Shuning uchun ham bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta'lim sektorining umumiy o'rta ta'limdagi ulushi salmoqli bo'lib, Germaniyada 12 foizni, Frantsiyada 17 foizni, AQShda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi.

Hozirgi kunda respublikada 43 ta nodavlat umumiy o'rta ta'lim maktabi tegishli lisenziyaga ega bo'lib, xalq ta'limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Nodavlat umumiy o'rta ta'lim maktablarining aksariyat qismi (27 ta) Toshkent shahrida joylashgan, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida birorta nodavlat maktabi tashkil etilmagan.

Faoliyat ko'rsatayotgan nodavlat ta'lim muassasalaridan 20 tasi boshlang'ich ta'lim (1 — 4-sinflar), qolgan 23 tasi umumiy o'rta ta'lim (1 — 9-sinflar) bosqichlariga mo'ljallangan, ulardagi 330 ta sinfda 6 mingga yaqin o'quvchilar ta'lim-tarbiya oladi (davlat maktablari kontingentiga nisbatan 0,12 foiz).

YUNESKO va "DGP Research & Consulting" konsalting tashkiloti hamkorligida jalb etilgan xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan milliy ta'lim tizimini kompleks o'rganish bo'yicha o'tkazilgan tahlillarda ta'lim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy ta'lim sektorini rivojlantirishga ustuvor yo'nalish sifatida e'tibor qaratish zarurligi alohida ta'kidlab o'tilgan.

Mavjud muammolarni amaliy bartaraf qilish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan nodavlat ta'lim muassasalariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish va avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ta'lim hamda unga tegishli xizmatlar bo'yicha barcha soliq turlari to'lovlaridan 2021 yilgacha ozod etish, fanlarni chet tilida chuqurlashtirib o'qitish va bu orqali ta'lim sifatini oshirish maqsadida ta'lim jarayoniga xorijlik o'qituvchi hamda mutaxassislarni keng jalb qilish nazarda tutilgan.

O'z navbatida, nodavlat ta'lim muassasalariga taklif etilayotgan xorijlik o'qituvchi va mutaxassislarga viza berish, aviatransport, turarjoy, mehnatiga munosib haq to'lash hamda soliqlardan ozod qilish kabi masalalar ham o'z echimini topgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o'quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo'lmagan holda ta'lim xizmatlarini ko'rsatish evaziga -kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o'qitish belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda o'rnatilgan tartibda akkreditasiyadan o'tkazilgan nodavlat ta'lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta'lim to'g'risidagi hujjat berish huquqi nazarda tutilgan.

Yuqorida ko'rsatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralarga nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha tegishli tartib va me'yoriy-huquqiy hujjatlarga o'zgartirishlar kiritish topshiriqlari berilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorining qabul qilinishi xalq ta'limi tizimida sog'lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, xorijiy o'qituvchilarni jalb etish yo'li bilan aniq hamda tabiiy fanlar, chet tillarni chuqurlashtirib o'qitishga, bu esa, o'z navbatida, yoshlarning dunyo mehnat bozorida raqobatdosh va yuqori malakali mutaxassis kadr sifatida jahon hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzini oshirishiga, barkamol inson bo'lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Qaror nodavlat ta'lim muassasalari sektori kengayishi, respublikaning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta'lim xizmatlaridan foydalanishda tanlovga ega bo'lishi, yoshlarga munosib ta'lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o'z zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo'llab-quvvatlaydi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024-yil 5-fevralda ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri maktabgacha ta’lim sifatini MELQO xalqaro baholash tizimi asosida baholab, keyingi o‘rinda uni milliy darajada yanada tadbiq etish maqsad qilib belgilangan. 2024-yil 1-chorak holatiga ko‘ra quyidagi ishlar amalga oshirildi: MELQO xalqaro  baholash vositasi O‘zbekiston Respublikasi ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirildi; barcha materiallar raqamlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tanlab olish mezonlari ishlab chiqildi (shahar, tuman (qishloq) hududlari, 5-6 va 6-7 yoshli guruhlarning mavjudligi, genderlik/o‘g‘il bola va qiz bola);   Jahon bankining xalqaro ekspertlari ishtirokida tasodifiy tanlov (rondom usulida) har bir hududdan 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olindi; 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tanlov natijalari quyidagicha amalga oshirildi: shahar hududi –  68 (24%) tuman (qishloq) hududi –  182 (76%); 250 Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har bir hududdan manzilli ro‘yxati shakllantirildi; 2024-yil 12-mart kuni joylarda ta’lim sifatini baholash jarayonini tashkil qilishda ko‘maklashadigan hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari mas’ul vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi; 2024-yil 18-20 mart kunlari Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro MELQO baholash tizimi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini baholash ishlariga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan DMTT direktorlari, metodistlari va tayyorlov guruh pedagoglari uchun onlayn seminar tashkil etildi; 2024-yilning 25-29 mart kunlari Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 30 nafar trenerlarni ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida  tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar hamda 25 martdan 2 aprel kuniga qadar Baholash tizimi asosida ma’lumotlarni jamlash va ularni tahlil qilish bo‘ycha 60 nafar trenerlarni bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida tayyorlashga qaratilgan seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi. Treningda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 8 nafar, Maktabgacha ta’lim agentligining 10 nafar, ta’lim muhiti (MELE) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 30 nafar, bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) moduli asosida ma’lumotlarni yig‘uvchi mutaxassislar 60 nafari ishtirok etishdi. Seminar-treningda Sherri Li Motte – pedagogika fanlar doktori (DSc) Jahon bankining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchi, Djonatan Seydan – Garvard universiteti ta’lim siyosati va dasturlarini baholash bo‘yicha (PhD) o‘z treninglari bilan ishtirok etishdi. Unda tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tashkilot direktori, ota-onalardan so‘rovnomalar olish hamda guruhni kuzatish orqali baholash bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, trening ishtirokchilari seminar-treningda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash va tajriba oshirish maqsadida joriy yilning 29-mart hamda 1-2 aperel kunlari tushlik vaqtiga qadar Chilonzor tumanidagi 24-, 215-, 256-, 261-, 291-, 538-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amaliyot o‘tashdi. Seminar-treningni tamomlagan ma’lumotlarni yig‘uvchilar (hisobchilar), O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari, Maktabgacha ta’lim agentligining vakillari uchun yakuniy test sinovlari  tashkil etildi va natijalari bo‘yicha xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ta’kidlab o‘tish joizki, hududlarda ma’lumot yig‘ish jarayoniga faqat sertifikatlangan mutaxassislar jalb qilinadi. 2024-yil 8-apreldan 3-mayga qadar hududlardagi 250 DMTTlarda ma’lumot yig‘ish jarayoni amalga oshirilishi rejalashtrilgan bo‘lib, reja-grafik ishlab chiqildi va mazkur grafik asosida hozirgi kunda tanlab olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida baholash ishlari o‘tkazilmoqda.   Ma’lumot uchun: MЕLQO nima? - Erta yoshdagi bolalar ta’lim sifati va natijalarini baholash bo‘yicha xalqaro vosita. MELQO – mamlakat darajasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan (boshlang‘ich ta’limga o‘tishdan oldin) bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishga mo‘ljallangan vositadir. MELQO – ko‘plab mamlakatlarda sinovdan o‘tgan va milliy baholash tizimlarini rivojlantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi. MELQO – bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishi (MODЕL) va ta’lim muhiti (MELE) ikki moduldan iborat bo‘lib, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha bolalarning rivojlanishi va ta’lim muhiti haqida to‘liq ma’lumot beradi. MODЕL moduli bolani bevosita kuzatish va ota-ona (uning o‘rnini bosuvchi shaxs) bilan suhbatlashish orqali erta ta’lim va rivojlanishning darajasini baholaydi. MELE moduli guruhda ta’lim muhitini kuzatish, pedagog va maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori bilan suhbatlar orqali baholanadi. MELQO baholash vositalari o‘z modullari (MODEL, MELE)  bilan O‘zbekiston Respublikasi Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga muvofiqlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilingan.    

Maktabgacha ta'lim agentligi
TILDA, FIKRDA, ISHDA BIRLIK

Muhtaram Prezidentimiz jaddid bobolarimizning ushbu g‘oyasini doimiy shiorimiz bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidlagan edilar.  Darhaqiqat, qayerdaki til, fikr, ish birligi bo‘lsa, ya’nikim hamjihatlik bor joyda olg‘a siljish, rivojlanish bo‘ladi.    Bugun Yangi O‘zbekiston oldida turgan eng dolzarb vazifa – yosh avlod kamoloti yo‘lida qayg‘urish, pirovardida esa, mamlakat kelajagini yuksak darajalarda rivojlantirishdan iborat. Hech shubha yo‘qki, yoshlarni munosib vorislar etib tarbiyalashning eng maqbul yo‘li, bu – ma’naviyat, bu – ma’rifat yo‘lidir!   To‘raqo‘rg‘on tumanining “Yakkatom” mahallasida joylashgan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fidoiylari” shiori ostidagi tadbir ana shu yuksak maqsadlar ro‘yobi yo‘lida tashkil etildi.    Aytish joizki, mazkur mahalla tuman hokimi sektori hisoblanadi. Umuman olganda esa, hokim sektori hududida 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bor.       O‘tkazilgan tadbirga ana shu tashkilotlarning direktorlari, metodistlari taklif etildi. Unda so‘zga chiqqan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘ba rahari Muhabbat Karimovaga ko‘ra:    – Biz maktabgacha ta’lim yoshidagi farzandalarimizni, ayniqsa, tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarini maktabga sifatli tayyorlay olyapmizmi? Ularga qanday ta’lim, qanday tarbiya beryapmiz? Zamon bilan hamnafas qadam tashlayapmizmi? Farzandlarimizdagi tug‘ma qobiliyatlarni o‘stirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Ularni yaqin va uzoq tariximiz bilan kengroq tanishtirish, ulug‘ siymolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni farzandlarimizga ko‘proq singdirish uchun tarbiyachilarimizning o‘zlari qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir orqali shu kabi savollarga javob topish bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi u.  Shubha yo‘qki, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim ham son, ham sifat jihatdan o‘zgardi. Buning birgina misoli – mazkur tashkilot. Uning mana bu muhtasham binosi 2022-yilda davlat-investitsiya dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endilikda bu yerda 6 ta guruh kesimida qamrab olingan 140 nafar 3 – 7 yoshli bola, zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 11 nafar pedagog ta’limning “Ilk qadam” bosqichi sabog‘ini bermoqda.  Darhaqiqat, mazkur tadbirda o‘zbek xalqining buyuk siymolari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirildi. Ular ijodidan she’r va qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, tashkilotlarning musiqa rahbarlari hamjihatligida taqdim etilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘rgazmali va badiiy chiqishlar, ular tomonidan xalq ertaklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirdi.  Eng muhimi, tadbir davomida yosh iqtidorlar kashf etildi. Masalan, ushbu ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Abdulhamidov yaqinda 6 yoshga to‘ladi. U hali bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay shahmat donalari ustida kattalar bilan ham bemalol bellasha olishini amalda ko‘rsatib berdi.     Tadbir davomida yana bir iqtidor egasi – Dildora Yo‘ldashaliyeva ijro etgan raqslar barchani lol qoldirdi. U ayni paytda hokim sektori hududida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “G‘unchaoy” nomli tayyorlov guruhida tarbiyalanar ekan. Eng qizig‘i, endigina 6 yoshni qarshilayotgan bu qizaloq tumanning “Mozorko‘hna”  mahallasida yashovchi tadbirkor oilada tavallud topganiga qaramay, uning beg‘ubor qalbida halitdan san’atga bo‘lgan oshnolik, mehr va ishtiyoq barchani lol qoldirdi. Boz ustiga, oftobday charaqlab turgan bu qizchaning guruhdosh o‘rtoqlari Mushtariy Jo‘raboyeva, Ziyoda Solijonova, Mubina Ibrohimova, Zilola Ma’rufjonovalar ham raqs bobida ilk qadamlarini Dildora bilan yelkadoshlikda tashlashmoqda.  Tadbir davomida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulot va shuningdek, musiqiy rahbarlar jo‘rligidagi jonli konsert ishtirokchilar davrasiga ko‘tarinki zavq va shukuh baxsh etdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligida sohada pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘quv-amaliy seminarda Agentlik tasarrufidagi 2 ta oliy ta’lim muassasalari Toshkent shahridagi Puchon universiteti va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahri filiali, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda 91 ta pedagogika kollejlari rahbarlari ishtirok etishdi. 2 ta bosqichda o‘tkazilgan mazkur seminarda dastlab davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bu borada maktabgacha ta’lim sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirishda bajarilishi kerak bo‘lgan birinchi galdagi vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari - Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Shin Agrippina Vasilevna amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga toʻxtaldi. Jumladan, bugungi kunda agentlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida 2 640 nafar talabalar, pedagogika kollejlarida 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 44 522 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ularda ta’lim sifati holati moddiy-texnik bazadan samarali foylanish, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olib zamonaviy ta’lim va innovatsion texnologiyalar talablari asosida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda maktabagacha ta’lim sohasida o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlayotgan pedagogika kollejlari faoliyatini rivojlantirishda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar hamda ularni yangi bosqichga olib chiqish muhim qadam ekanligi aytib o‘tildi.    Shundan keyin, pedagogika kollejlarida 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tahlil qilindi. Toshkent shahridagi Puchon universiteti va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahri filiali, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hisobotlari eshitildi.  Kunning ikkinchi yarmida, o‘quv seminar doirasida Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida pedagogika kollejlari direktorlari uchun ta’lim jarayonini tashkil etishdagi o‘zini oqlab kelayotgan an’anaviy hamda zamonaviy tendensiyalarga alohida e’tibor qaratish bu borada lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish uchun innovatsion laboratoriya faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, o‘quv-amaliy seminar davomida pedagogika kollejlarini faoliyati samaradorligi bo‘yicha toifalarga kirish ehtimollari ko‘rib chiqildi hamda direktorlarga bu borada qisqa kirish seminar o‘tkazildi. O‘quv-amaliy seminar yakunida muammolar o‘rganildi, fikr-mulohazalar, takliflar eshitildi.              

Вид сайта
Размер шрифта