Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada qisqa muddatli xizmat safarida bo‘lib turishibdi. Agentlik vakillarining Janubiy Koreyadagi xizmat safari davomida: -bolalarga erta ta’lim berishni rivojlantirish sohasida faoliyat ko`rsatayotgan Janubiy Koreyaning ta`lim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o`tkazish; -uchrashuvlar davomida ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish; - Puchon universitetining 65 yilligini nishonlash marosimida ishtirok etish kabi tadbirlar rejalashtirilgan. Xizmat safarining birinchi kunida O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov va maslahatchisi X.Buriyev hamda Koreya bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va maktabgacha ta`lim instituti (KICCЕ) rahbari Sanghee Park o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Institut rahbari Sanghee Park O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan 2021-yil 16-dekabrda tuzilgan bitim doirasida o`zaro hamkorlik aloqalari saqlanib qolganidan minnatdorlik bildirdi. Agentlik direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov maktabgacha ta’lim sohasida ta’lim sifatini samaradorligini va pedagoglar malakasini oshirish hamda baholash uchun kelajakda mazkur Instituti (KICCЕ) bilan qo‘shma loyihalarni davom ettirishlarini ma`lium qildi. Bizni kuzatishda davom eting, xizmat safarining navbatdagi ushrashuvlari haqida ma’lum qilib boriladi.
Janubga yo‘l olgan “Aqlvoy” avtobuslari
“Aqlvoy” mobil guruhlar faoliyati maktabgacha ta’lim sohasida jahon e’tirofiga sazovor bo‘layotgan loyiha desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan yurtimizning janubiy hududlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga ham “Aqlvoy” avtobusi yo‘l olgani bizni quvontiradi. Mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan ISUZU NC-40 avtobuslarida bolajonlar ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shubhasiz, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va qishloqlardagi bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini beruvchi innovatsion yechimdir. Loyiha faoliyatiga nazar solsak, u tajriba-sinov loyihasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tumanlari (jami 16 ta) da amalga oshirildi va mobil guruhlarni “Uzavtosanoat” ko‘magi bilan zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 16 ta ISUZU NC 40 avtobuslarida tashkil etildi. Mazkur tajriba-sinov loyihasini amaliyotga joriy etish natijasida respublikamizdagi 40 ta mahallalarida 44 ta jihozlangan maydonchalar tashkil etilgan va respublikamizning eng chekka va olis hududlaridagi 1 600 nafarga yaqin maktabgacha ta’limga qatnamaydigan 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan. Shuningdek, 2021-yilda respublikaning barcha hududlariga “Aqlvoy” mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan 49 ta ISUZU HC-40 avtobuslari yuborildi va 98 ta o‘yin maydonchalari qurildi va jihozlandi. Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichida 294 ta mobil guruh tashkil etilib, unga qo‘shimcha 4 704 nafar bolalar qamrab olingan bo‘lsa, hozirda 65 ta ISUZU HC-40 avtobuslari bazasida 7 mingga yaqin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinib, 387 ta mobil guruhlari tashkil etildi va aholining 195 nafari (65 nafar haydovchi, 130 nafar tarbiyachi va tarbiyachi yordamchilari) ish bilan ta’minlandi. Bugun esa navbatdagi bosqichga ko‘ra, joriy yilning 5-may kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlarida 6 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jixozlangan) tashkil etilib, 3 ta ISUZU HC-40 avtobuslari va shuningdek, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on tumanlarida 8 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jixozlangan) tashkil etilib, 4 ta ISUZU HC-40 avtobuslari qayta jihozlanib yuborildi. Natijada, ushbu hududlarda 42 ta mobil guruhlari tashkil etilib, ularda 672 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi.
Poytaxtdan yo‘lga chiqqan “Aqlvoy” avtobuslari Surxonga yetib bordi
Xabaringiz bor, kuni-kecha Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan yurtimizning janub hududlariga jami 7 ta “Aqlvoy” avtobuslari yuborilgan edi. Bugun Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Aqlvoy” avtobuslari tantanali kutib olinib, tegishli hudud vakillariga topshirish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi U.Qosimov ishtirok etib, qamrov darajasi past bo‘lgan hududlar uchun yana 4 ta maxsus jihozlangan, “Aqlvoy” avtobuslarini topshirdi. Viloyat hokimi U.Qosimov o‘z nutqida, ushbu 4 ta mobil bog‘chalar hisobiga hududlarda yana 24 ta guruhda 384 nafar bolalarning maktabgacha ta’limga qamrab olinishiga erishilishi quvonarli ekanligini ta’kidladi. Ma’lumot o‘rnida, 2019-yilda dastlab Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumaniga, 2021-yilda vohaning Bandixon, Oltinsoy, Denov, Uzun tumanlariga “Aqlvoy” avtobuslari berilgan edi. Bugun vohaga kelgan 4 ta yangi avtobuslar evaziga viloyatdagi “Aqlvoy” mobil avtobuslarining soni jami 9 tani tashkil etmoqda.
Qashqadaryoda “Aqlvoy” avtobuslarini topshirish marosimi o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, "Aqlvoy" avtobuslarining navbatdagi karvoni yurtimizning janubi bo‘lmish, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yuborilgan edi. Kuni-kecha Qashqadaryo viloyatiga yetib borgan "Aqlvoy" avtobuslarining tegishli hudud vakillariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. "Aqlvoy" avtobuslarini Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlarining mas’ullariga tantanali ravishda topshirdi. "Aqlvoy" avtobuslarini tantanali topshirish tadbirida ishtirok etgan viloyati hokimi M.Azimov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: "Qayd etish lozimki, “Aqlvoy” mobil guruhlar faoliyati maktabgacha ta’lim sohasida jahon e’tirofiga sazovor bo‘layotgan loyiha hisoblanadi. Mobil guruhlarni tashkil etish maqsadida qayta jihozlangan ISUZU НC-40 avtobuslarida bolajonlar ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shubhasiz, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va qishloqlardagi bolalarga sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini beruvchi innovatsion yechimdir." “Aqlvoy” avtobuslarining Qashqadaryo viloyatidagi Ko‘kdala, Kitob, Dehqonobod tumanlariga yetib kelgan navbatdagi karvoni natijasiga ko‘ra, 6 ta o‘yin maydonchalari (qurilib jihozlangan) tashkil etilib, 3 ta ISUZU HC-40 avtobuslari orqali ushbu hududlarda 6 ta mobil guruhlari tashkil etilib, ularda 288 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi. Ma’lumot uchun: Tajriba-sinov loyihasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2019-2021-yillarda, mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha viloyatning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Ko‘kdala, Muborak va Kasbi tumanlariga zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 7 ta avtobuslar berilib, natijada viloyatning 7 ta mahallalarida 7 ta jihozlangan maydonchalar tashkil etilgan va viloyatning eng chekka va olis hududlaridagi 396 nafarga yaqin maktabgacha ta’limga qatnamaydigan 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan edi. Shuningdek, 7 nafar haydovchi, 14 nafar tarbiyachi va tarbiyachi yordamchilari ish bilan ta’minlangan.
Xiva shahrida 6 yoshli bolalar o‘rtasida III velomarafon bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ - https://mpe.uz/post-detail/posts/photo-gallery/2495 Mazkur velomarafon uchinchisi bo‘lib, ungacha Toshkent hamda Samarqand shaharlarida 1- va 2-loyihalari bo‘lib o‘tgan edi. 2021-yil 1-iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan velomarafonning 1-loyihasida 13 ta pilot davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 400 ta begovel bilan taʼminlangan. 2022-yilda 31-may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 2-loyihada 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tanlab olinib, ularga 500 ta begovel taqdim etilgan. 2023-yil 31-may kuni Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan 3-loyihada esa Xiva shahridagi 18 ta pilot davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga jami 500 ta begovel topshirildi. Marafon so‘ngida ishtirokchi bolalar esdalik medallari, sovg‘alar bilan taqdirlandilar, shuningdek, ular uchun ko‘ngilochar dastur, tanlov va o‘yinlar tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi, Maktabgacha taʼlim agentligi, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi, O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vazirligi, Velosport federatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan bu turdagi musobaqalardan ko‘zlangan maqsad atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror ko‘nikmalarni rivojlantirishdir. Shuningdek, ushbu sport harakatlari orqali maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida velosportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarziga o‘rganish va xulq-atvor madaniyatini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish targ‘ib qilinmoqda. Maʼlumot uchun, ushbu loyihalar 3 yil beri doimiy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.
FOTOREPORTAJ- https://mpe.uz/post-detail/posts/photo-gallery/2496 Press-tur ikkita manzilda bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri Xiva shahridagi 350 quvvatga mo‘ljallangan 15-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bo‘lib, u yerda tarbiyalanayotgan tarbiyalanuvchilarning barchasi matematika fanini mukammalroq o‘rganishi uchun rejaviy mashg‘ulotlardan tashqari fanga yo‘naltirilgan to‘garaklarga jalb etilgan. Bundan tashqari, tashkilotda ingliz tili, mental arifmetika, gimnastika, raqs, karate, kurash kabi to‘garaklar mavjud. Bugungi kunda tashkilot to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Tashkilotning qurilish-taʼmirlash ishlariga 7mlrd. 350 mln so‘m ajratilib, 2021-yilda foydalanishga topshirilgan. Maʼlumot uchun, hozirda Xiva shahrida jami 88 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ikkinchi manzil Gurlan tuman “Gulshan” MFY hududida joylashgan «Lolaxon-Zuhraxon» MCHJga qarashli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti bo‘ldi. Ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotiga 120 nafar tarbiyalanuvchilarni qamrab olish orqali Gurlan tumanining maktabgacha taʼlimga qamrov darajasi 87,4 foizdan 88,4 foizga (1 %) oshirildi hamda 20 nafardan ortiq yangi ish o‘rin yaratildi. Bugungi kunda Gurlan tumanida 3-7 yoshdagi bolalar soni 11 862 nafarni tashkil qilib, shundan 10 373 nafar bolalar (87,4 %) 38 ta davlat, 171 ta oilaviy va 4 ta DXSH asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Eslatma! Bugungi knda Xorazm viloyatida jami 1 735 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan, 363 tasi davlat, 91 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida, 7 tasi xususiy hamda 1 274 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hisoblanadi. Viloyatda 3-7 yoshdagi bolalar jami 153 976 nafar bo‘lib, ularning 121 311 nafari (78.3 %i) qamrab olingan. Shundan, 76 040 nafari (49.4%) davlat, 431 nafari (0,3%) xususiy, 9 545 nafari (5,3%) DXSH asosidagi, 30 967 nafari (20,0%) oilaviy MTT larda tarbiyalanmoqda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bugungi kunda 8 913 nafar pedagog xodimlar faoliyat olib boradi.
Koreyaning Puchon universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin Janubiy Koreyaning Puchon universiteti prezidenti janob Xan Chung Sok boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Yig‘ilish kun tartibida Toshkent shahridagi Puchon universiteti filiali faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston tomoni mazkur universitet negizida yangi fakultetlarni, jumladan, bolalar ovqatini tashkil etish fakultetini ochish orqali filial faoliyatini kengaytirish zarurligi to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdi. Koreya tomoni ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatladi va tashabbuslarni amaliy amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, mehmonlar Maktabgacha ta’lim agentligi rahbariyatini Koreyaning Puchon universiteti tomonidan qo‘llanilayotgan onlayn ta’lim uchun raqamli platforma bilan tanishtirdi. Tomonlar uchrashuv kun tartibi yuzasidan fikr almashib, muzokaralarni konstruktiv ruhda yakunladilar.
Maktabgacha ta’lim agentligi va KOICA (Janubiy Koreya) tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasidan maktabgacha ta’lim sohasi mutaxassislari SOON CHUN HYANG universitetiga kasbiy amaliyotni o‘tash uchun yetib borishdi. Kasbiy amaliyot dasturi maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlash bo‘yicha ilmiy asoslangan nazariy va amaliy bilimlarni olish, shuningdek, Koreya maktabgacha ta’lim muassasalariga tashrif buyurish orqali tajriba almashishni o‘z ichiga oladi. Kelgusida Janubiy Koreyada amaliyot o‘tagan mutaxassislar O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari uchun amaliy seminarlar o‘tib berishadi.
NAVOIYDA YOSH SHAXMATCHILAR G‘OLIBLIK UCHUN BELLASHDI
Joriy yilning 5-iyun kuni Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida shaxmat musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining 2023-yil 19-iyundagi “Maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari va maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida “Shaxmat kunlari”ni oʻtkazib borish toʻgʻrisida”gi 58–sonli buyrug‘i ijrosini ta‘minlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqada tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5-7 yoshli 21 nafar tarbiyalanuvchi bellashdi. Jajji shaxmatchilar 5 tur asosida dona surib, qizgʻin bahslashdi. O‘yin yakuniy natijalariga ko‘ra: O‘g‘il bola tarbiyalanuvchilar o‘rtasida, 1-o‘rin Navoiy shahridagi “Yangi avlod” oilaviy nodavlat MTT tarbiyalanuvchisi Muxsin Komilov; 2-o‘rin Navbahor tumanidagi “Aqlli bolalar” oilaviy nodavlat MTT tarbiyalanuvchisi Bahodir Erkinov; 3-o‘rin Qiziltepa tumanidagi “Tinchlik yoshlari” davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat MTT tarbiyalanuvchi Ibrohim Asadillayevga nasib etdi. Qiz bola tarbiyalanuvchilar o‘rtasida, 1-o‘rin Navoiy shahridagi 31-davlat MTT tarbiyalanuvchisi Xushnoza Murodillayeva; 2-o‘rin Xatirchi tumanidagi 7-davlat MTT tarbiyalanuvchisi Gulbahor Raxmatova; 3-o‘rin Karmana tumanidagi 15-davlat MTT tarbiyalanuvchisi Elnura Erkinovaga nasib etdi. Ma’lumot uchun: I o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar respublika bosqichida viloyatimiz sha’nini himoya qiladi. G‘olib va sovrindor bolajonlarga boshqarmaning diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Kuni-kecha Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Maktabgacha ta’lim agentligi mutaxassislari, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali vakillari uchun “Maktabgacha yoshdagi bolalarning erta rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Jahon bankining ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Sherri Le Motti xonim moderatorlik qildi. Seminarda muhim masalalarni muhokama qilishda ishtirokchilarni faol jalb etgan holda interaktiv shaklda o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilar - Nima uchun erta bolalik rivojlanishining sifati muhim? Erta yoshdagi bolalarning ta’lim sifatini qo‘llab-quvvatlashda – maktabgacha ta’lim tarbiyachisining roli nimada? kabi ko‘plab savollar muhokama qilindi. Seminar natijalari va ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida masofaviy ta'lim sifatining asosiy tarkibiy qismlari: ta’lim muhiti, masofaviy ta’lim pedagogining kasbiy darajasi, mavjud o‘quv qo‘llanmalarining ahamiyati va o‘ylangan, xavfsiz o‘yin maydonlari haqida fikr almashinildi.