Koreya Respublikasi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari assotsiatsiyasi bilan Memorandum imzolandi
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Koreya Respublikasi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari assotsiatsiyasi oʻrtasida Memorandum imzolandi. Memorandumning maqsadi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarini malakasini oshirish sohasida qoʻshma oʻquv dasturlarini amalga oshirish, maktabgacha ta’limda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, oʻquv jarayoni sifatini oshirish va Oʻzbekiston Respublikasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash orqali Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish. Shuningdek, oʻquv-uslubiy materiallar va adabiyotlarni birgalikda ishlab chiqish, MT tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, Oʻzbekiston va Koreya olimlari, metodistlari, oʻqituvchilari ishtirokida qoʻshma xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar oʻtkazish.
6 ming dona kitob nashr etildi
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida maktabgacha yoshdagi bolalar, pedagoglar va ota-onalar uchun 6 ming dona kitob nashr etildi. Kitoblar uchun viloyat hokimligi tomonidan mablagʻ ajratildi. Ushbu kitoblar maktabgacha yoshda ingliz, rus tillarini oʻrganishga moʻljallangan. Toʻplamda inglizcha — oʻzbekcha, inglizcha — ruscha, ish daftarchasi, reja, nutqni rivojlantirish ensiklopediyasi va bolalar psixologiyasiga oid kitoblar mavjud. Har bir kitob “Ilk qadam” davlat dasturi va maktabgacha taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarning ota-onalari uchun uslubiy yordamga mos keladi. Shuningdek, konsepsiya maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ingliz — tojik, ingliz — qoraqalpoq va ingliz — qozoq tillari, shuningdek, tabiatni asrashga oid belgilar bilan eko-kitoblarni oʻrgatuvchi kitoblarni chiqarishni ham oʻz ichiga oladi.
Shaxmat musobaqasi boʻlib oʻtdi
Bugun, 23-dekabr kuni Maktabgacha taʼlim vazirligi xodimlari oʻrtasidagi shaxmat musobaqasi oʻtkazildi. Musobaqaga M.Toshmatov va I.Mirxosilov hakamlik qildi. Musobaqa koʻtarinki ruhda kechdi. Gʻolib deb topilgan xodimlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Mazkur musobaqada ayol xodimlar orasidan: 1-oʻrin U.Ziyayevaga; 2-oʻrin N.Umirzakovaga; 3-oʻrin Sh.Teshaboyevaga. Erkak xodimlar orasidan: 1-oʻrin A.Abdusalomovga; 2-oʻrin S.Xodjiyevga; 3-oʻrin Sh.Kamolovga nasib etdi.
yigma-malumotСкачать
“Men va mening oilam” kuni – bolalarni yaqindan bilish uchun yana bir qadam tashlandi
Toshkent viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Men va mening oilam” kuni tadbirlari boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan ota-onalarning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish, oila, mahalla va taʼlim tashkilotlari hamkorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida tanlov oʻtkazildi. Shartlar davomida ishtirokchilarning iqtidorlarini namoyon qilishga erishildi.Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari, bobo-buvilari, amaki-togʻalari hamda akalari ishtirokida “Otam, onam va men” sportchilar oilasi sport musobaqasi, “Kitobxon oila” koʻrik-tanlovi, “Bu mening oilam” mavzusidagi rasmlar tanlovi, “Hunarmand oila” koʻrgazmalari, “Oilada farzand tarbiyasiga eʼtibor”, “Mening farzandim — Vatanim faxri!” mavzularida psixologik treninglar olib borildi. Shuningdek, “Bir bolaga yetti qoʻshni – ota-ona”, “Bola aziz, odobi undan aziz”, “Farzand tarbiyasida ota-onaning oʻrni va masʼuliyati” kabi mavzulardagi oila-mahalla-taʼlim tashkilotlari hamkorligida davra suhbatlari oʻtkazildi.Ayniqsa, tarbiyachi-pedagoglar tomonidan “Men va mening oilam”, “Mening oilam-mening baxtim!” mavzularida tarbiyalanuvchilar ishtirokida olib borilgan ochiq mashgʻulotlardan bolajonlar oʻzgacha zavq oldi. “Zumradoylar davrasi» toʻgaragi aʼzolari ishtirokida buvijonlar bilan “Buvijonim oʻgitlari”, “Ona allasida mehr mujassam”, “Onam aytgan allalar” kabi mavzularda tadbirlar tashkillashtirildi. “Men va mening oilam” kunining yakunlari boʻyicha jarayonlarda faol ishtirok etgan ota-onalar, bobo-buvilar, amaki-togʻalar hamda akalari oʻrtasida turli xil nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblik aniqlanib, ularga faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
MTTlari sonini oshirish va qamrovni kengaytirishga oid brifing boʻlib oʻtdi
2021-yilda maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini oshirish va qamrovni kengaytirish yoʻnalishidagi ishlar haqida brifing boʻlib oʻtdi. Unda Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan 2021-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida MTTlarni loyiha- smeta va qurilish-montaj ishlari olib borilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-son qaroriga muvofiq, 2021-yilda jami 38 205 quvvat (oʻrin)ga ega 222 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari obyektlarini (22 ta yangi quriladigan va 200 ta rekonstruksiya qilinadigan) qurish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun jami 900,0 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil27-apreldagi 52-son Rayosati majlisi bayoniga muvofiq Boʻstonliq tumanidagi 14-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti dasturdan chiqarilgan. Shuningdek, Olmazor tumanidagi 4-son sobiq MTT hamda Mirobod tumanidagi sobiq arxitektura-qurilish kolleji negizidagi MTT tashkil etish obyektlariga Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer maydoni ajratilmaganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-avgustdagi 118-son Rayosati majlisi bayoniga muvofiq davlat dasturidan chiqarildi. Tasdiqlangan manzilli dasturga muvofiq 222 ta obyektdan: - 23 ta obyektlar yildan-yilga oʻtuvchi boʻldi; - 199 ta esa toʻliq foydalanishga topshirildi. 2021-yil 30-dekabr holatiga koʻra Investitsiya dasturi doirasidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti obyektlariga jami 743 mlrd. 783 mln soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, jami 199 ta obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanib, qoʻshimcha ravishda ularda 9440 oʻrin (quvvat) yaratildi. Shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 13 ta obyektlarda 43 mlrd. 267 mln.soʻm mablagʻ moliyalashtirilib, qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi; Andijon viloyatida 13 ta obyektda 46 mlrd. 783 mln.soʻm Buxoro viloyatida 12 ta obyektda 41 mlrd. 719 mln.soʻm Jizzax viloyatida 10 ta obyektda 35 mlrd.990 mln.soʻm Qashqadaryo viloyatida 16 ta obyektda 51 mlrd. 634 mln.soʻm Navoiy viloyatida 10 ta obyektda 25 mlrd.197 mln.soʻm Namangan viloyatida 12 ta obyektda 44 mlrd.146 mln.soʻm Samarqand viloyatida 16 ta obyektda 57 mlrd. 800 mln.soʻm Surxondaryo viloyatida 15 ta obyektda 47 mlrd. 338 mln.soʻm Sirdaryo viloyatida 13 ta obyektda 47 mlrd. 597 mln.soʻm Toshkent viloyatida 30 ta obyektda 101 mlrd. 360 mln.soʻm Fargʻona viloyatida 18 ta obyektda 71 mlrd. 433 mln.soʻm Xorazm viloyatida 8 ta obyektda 31 mlrd. 745 mln.soʻm Toshkent shahrida 13 ta obyektda 65 mlrd. 371 mln.soʻm mablagʻ moliyalashtirilib, qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi. 2022-yil Investitsiya dasturi doirasida belgilangan limitlarni oʻzlashtirish imkoniyati mavjud boʻlmagan 23 ta MTT obyektlarini (Buxoro viloyatida-2 ta, Toshkent viloyatida-15 ta, Toshkent shahrida-6 ta) yildan-yilga oʻtuvchi obyekt sifatida 2022-yil Investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan takliflar vakolatli organ Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga kiritildi.
2022-yil 9-yanvar kuni “Kompromatuzb” telegramm kanali va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirilgan «Agripinna Shinxonim quyi tizimni kapital tozalash kerak» sarlavhasi ostida chiqqan maqola yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil30-iyundagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 407-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra tashkil qilinishi belgilangan. Tanlovda tashabbuskor tadbirkorlar qatnashishlari uchun bir oy oldin Maktabgacha taʼlim vazirligining mdo.uz saytiga eʼlon joylashtirilib, barcha turdagi tadbirkorlar ishtirok etishlari uchun imkon yaratilgan. Qarorning 1-ilovasida “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etish boʻyicha tanlov komissiyaning namunaviy tarkibi” tasdiqlangan. Andijon viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining birinchi oʻrinbosari namunaviy komissiya tarkibiga kiritilmagan. Oʻz navbatida, 2021-yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni autsorsing usulida tashkil etish boʻyicha komissiyasi yigʻilishning 24-sonli bayonnomasi” tasdiqlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlov ijtimoiy tarmoqlarda oshkoralik va shaffoflik asosida tashkil etilgan. Maktabgacha taʼlim vazirligining 24-sonli tasdiqlangan bayonnomasida “Universal autsorsing MCHJ” gʻolib boʻlganligi haqida maʼlumotlar mavjud emas.
Navoiyda yana bir MTT foydalanishga topshirildi
Nurota tumani Gʻafur Gʻulom nomidagi MFYda 10-sonli davlat MTT foydalanishga topshirildi. Mazkur 150 oʻrinli MTT Investitsiya dasturi asosida 2 mlrd 575 mln soʻm mablagʻ sarflanib, toʻliq rekonstruksiya qilindi. Hozirda tashkilot davlat taʼlim-tarbiya standartlariga toʻla javob beradi va tarbiyalanuvchilarni maktab taʼlimiga sifatli tayyorlash uchun yetarli shart-sharoitlarga ega. Maʼlumot uchun. Nurota tumanida 84 ta MTT boʻlib, ulardan 19 tasi davlat, 59 tasi oilaviy va 6 tasi DXSH asosidagi MTTlardir. Hozirda tumandagi 3-7 yoshli bolalarning 69,3 %i maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan. Joriy yil soʻngiga qadar bu koʻrsatkichni 72,5 %gacha yetkazish maqsad qilingan. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi “2021-2023 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4936-sonli Qaroriga asosan 2021-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 2 ta yangi davlat MTT qurish hamda 8 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi.
Namanganda oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi
Namangan shahridagi 60-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi Taʼlim sifatini taʼminlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻlimi tomonidan oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi. Seminar kunning yarmiga qadar Namangan shahri va uning tarkibiga kiruvchi Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlaridagi Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining, kunning yarmidan keyin esa, mazkur hududlardagi Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining metodistlari uchun amalga oshirildi. Taʼkidlanishicha, 2021-yil davomida viloyatdagi jami 2 ming 565 ta davlat va oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga vazirlik tomonidan 132 turdagi 1 million 9 ming 676 dona, 5 milliard 123 million 209 ming 200 soʻmlik didaktik tarqatma materiallar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va oʻyinchoqlar bepul yetkazib berildi. Seminarda “Oʻyin orqali taʼlim olish”, “Shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida taʼlim jarayonini rejalashtirish”, “Kuzatuv va baholash”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish”, «Maktabgacha taʼlimda taʼlim jarayonini individuallashtirish. Shuningdek, viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan joriy yanvar – «Namangan viloyatida oʻquv-metodik adabiyotlar va didaktik tarqatmali materiallardan samarali foydalanishni oʻrganish oyligi», deb eʼlon qilindi. Shunga koʻra, seminar-treningda egallangan koʻnikma va malakalarni kaskad usulida davom ettirish yuzasidan tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi. Eslatib oʻtamiz, ushbu doiradagi seminar-treninglar viloyatning qolgan tumanlarida joriy oyning 22-yanvar kuniga qadar davom etadi.
Maktabgacha ta’limda qamrov darajasini oshirish - pirovard maqsad!
Bugungi kungi ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olishi aniqlangan. Shu bois yurtimizda maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga aylangan. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, shu asnoda bolaning intellektual shaxsini shakllantirish, ta’lim xizmatlarini yaratish orqali sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sohadagi izchil islohotlarning natijasidir. Mamlakat kelajagi, inson hayotining barcha sohalarini rivojlantirish va amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati bevosita ta’lim va ilm-fan sohasidagi siyosatning samaradorligiga bog‘liq. O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan ustuvorligini e’tirof etgan holda, ta’limning sifati va erkinligini ta’minlash, bu sohada davlat boshqaruvining samarali tizimini yaratish bo‘yicha tizimli va keng doiradagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. So‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 83 ta qator normativ-huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Bular jumlasiga 3 ta qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 19 ta Prezident qarorlari, 42 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 7 ta Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar kiradi. So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi. Jumladan, Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini oshirish hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazish; 2022-2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish; maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish; maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish; 2022–2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarni malakasini oshirish; maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish kabi vazifalar keyingi yillar uchun asosiy vazifalar qilib belgilab olindi. Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017-yilda 708,247 nafar (27,7%), 2018-yil 932,310 nafar (37,7%), 2019-yil 1,413,290 nafar (52,3%), 2020-yil 1,699,566 nafar (60,9%), 2021-yil 1,895,148 nafar (67,2%) 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Bundan foizlar ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib borganini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining o‘sishida ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatilayotganini aytish o‘rinli. 2017-yilda respublika miqyosida 5 211 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mazkur ko‘rsatkich 27 609 taga yetgani quvonarli holdir. Bugungi kunda vazirlik maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalda joriy etish, o‘quv jarayonida innovasion pedagogik texnologiyalarni, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ularni o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar bilan ta’minlash hamda pedagog xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha muhim maqsad va vazifalarni bajarib kelmoqda. Shuningdek, mazkur sohada mavjud bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatishda moslashuvchanlikni ta’minlash, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida, maktabgacha ta’limning turli xil muqobil shakllarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar olib bormoqda. Muhim o‘zgarishlardan yana biri shundaki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bog‘chalar shaklida o‘qitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Butun respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qisqa muddatli ya’ni, to‘liq kunli bo‘lmagan guruhlar kabi ta’limning muqobil shakli joriy etilmoqda. Buyuk mutafakkirimiz Abdulla Avloniy bejizga bolani idishda turgan suvga qiyoslamagan. Suv qaysi rangdagi va qanday hajmdagi idishda turganiga qarab, xuddi shu tusda toblanadi degan ular. Bu haqiqat to hozirga qadar o‘z mohiyatini saqlab qolmoqda. Biz tomondan bolalarga qaratilgan e’tibor ila, ularning kelajak poydevori mustahkam quriladi. Maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim tarbiya olayotgan bolajonlarimiz – bizning kelajagimiz. Ularning jajji ko‘zlaridagi cheksiz mehr, murg‘ak qalblaridagi bir olam go‘zal orzulariga qanot bo‘lamiz desak, haqiqatga mosdir. Mittivoylarni rag‘batlantirish, ular bilan “bolalar tili”da so‘zlashish, dunyo mo‘jizalari eshiklarini ochish har birimizning vazifamizdir. Maktabgacha ta’lim tizimiga qamrovni yanada kengaytirish, bolajonlarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish oldimizga qo‘ygan asosiy vazifamizdir. Movluda Asqarxo'jayeva, Maktabgacha ta’lim vaziriligi Axborot xizmati rahbari