Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi alohida ta'limga muhtoj bolalar uchun imkoniyat

news-detail

Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalar qabuli e’lon qilindi.

Joriy yilning noyabr oyi oxirida Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Imkon” reabilitatsiya markazi (keyingi o‘rinlarda – “Imkon” markazi)ga ega yangi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Bu hisob  bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi markazdir. Ilk bora Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Imkon” markazi tashkil etilgan edi.

To‘laqonli reabilitatsiya markazi va 150 o‘rinli bolalar bog‘chasiga ega “Imkon” markazlari maktabgacha ta’lim tizimidagi mutlaqo yangi modeldir. “Imkon” markazlari faoliyati imkoniyati cheklangan bolalarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, asosiy maqsadi o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ota-onalar bilan birgalikda har bir bolani rivojlantirish va reabilitatsiya qilish rejasini ishlab chiqish, uni bir muassasa doirasida amalga oshirishga ko‘maklashishdir. Bu, shubhasiz, ota-onalar va farzandlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, chunki ular avvallari har tomonlama yordam olish uchun shahar yoki tumanning turli hududlarida har xil mutaxassislarga murojaat qilishlari kerak edi.

“Imkon” markazlari ikkita blokdan iborat:

 - 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun (bolaga qo‘yilgan tashxisga qarab) 10 guruhdan iborat ko'p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkiloti;

- 18 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun reabilitatsiya markazi.

“Imkon” markazi yangi keng binoda joylashgan bo‘lib, zamonaviy didaktik materiallar, tuzatish va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan. Shuningdek, binoda fizioterapiya xonasi, sport zali, bolalarning ijtimoiy moslashuvi xonasi, sensor xonasi, audiosinf, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar reabilitatsiya xonasi, massaj xonalari, ertak terapiyasi xonasi, shuningdek yil davomida bolalar bilan amaliyotlar o'tkaziladigan yopiq basseyn. Markaz Markaziy Osiyoda tengi yo‘q zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan.

Yetakchi xorijiy tashkilotlar ishtirokida maxsus tayyorgarlik va malaka oshirishdan o‘tgan tajribali mutaxassislar ota-onalar va ularning farzandlariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor.

Maktabgacha taʼlim vazirligi shuni ma’lum qiladiki, 2021-yil 3-dekabrdan boshlab ota-onalarga har haftaning juma kuni Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi binosida “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tanlash bo‘yicha tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

“Imkon”ga qabul qilish uchun farzandlarini imtihondan o‘tkazish istagida bo‘lgan ota-onalar juma kuni soat 09:00 dan 12:00 gacha Toshkent shahar, Yunusobod tumani, A.Temur ko‘chasi, 62-uy manziliga taklif qilinadi.

Shu bilan birga, ota-onalardan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 391-son qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasini berish uchun asos bo‘ladigan tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxati”ga muvofiq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan bolalarni qabul qilinishiga e’tibor qaratishlarini so‘raymiz.

Ota-onalar o‘z savollari yuzasidan quyidagi telefonlar orqali bog'lanishlari mumkin:

+998 71 207 08 04 (ichki 861)

+998 93 565 96 85

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligi ishchi guruhi Namanganda

Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim Agentligining ishchi guruhi Namangan viloyatida faoliyat olib bormoqda.  Kuni kecha ushbu guruh Namangan shahrida joylashgan 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.     Ta’kidlash joizki, mazkur tashkilot 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-154m-sonli maxsus qarori asosida, 6 mlrd. 448 mln. so‘m mablag‘ evaziga ta’mirdan chiqarilgan edi. Buning hisobiga 300 ta o‘rin yaratilgan. Ayni vaqtda esa, bu yerda 10 ta to‘liq kunlik va 8 ta qisqa muddatli, jami 18 ta guruh kesimida 489 nafar 3 – 7 yoshli bola tarbiyalanmoqda.           O‘rganuv davomida tashkilotning obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida ahamiyat qaratildi. Jarayonlar davomida soha rivojiga doir ko‘rsatma va taklif-tavsiyalar berildi.   Ishchi guruhning Namangan viloyatiga doir faoliyati davom etmoqda. 

Maktabgacha ta'lim agentligi
Jajji malikalar bellashishdi

   Kechagina kirib kelgan mart butun borliqqa bahorning bor tarovatini, undan ruh olgan go‘zal bayramlarni birin-sirin tortiq etmoqda. Uning ilk kuni mamlakatimizda adabiyot, she’riyat, nazm va navo bayrami – sadoqat va do‘stlik kuychisi, xassos shoira Zulfiyaxonim yodi bilan boshlandi. Davralar, shoira timsolida adabiyotni, she’riyatni olqishladi. Keyin unga nazokat, nafosat, go‘zallik, sevgi ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni ulanib ketdi. Davralar ayolni, onani, singilni, qizlarni madh etdi. Yana ko‘p davralar doshqozon osdi. Biqirlab qaynayotgan sumalak atrofiga to‘plangan ellar, sharqning uch ming yillik Navro‘z shodiyonalarini boshlab yubordi. Bu azaliy bayramlar maktabgacha va maktab ta’limi tizimlarida ham davom etmoqda. Xususan, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining eng chekka – Nanay qishlog‘ida joylashgan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan tadbir esa, ayollar bayrami – Xalqaro xotin-qizlar kuniga  bag‘ishlandi. Darvoqe, tashkilotda 5 ta guruh mavjud. Ularga 135 nafar  3 – 7 yoshli bola qamrab olingan. Eng muhimi, jamoaning ahilligi, hamjihatligi. Ular o‘rtasidagi o‘zaro yelkadoshlik, jipslilik tufayli yechim topmagan masala yo‘q. Hatto, ulardagi bu fazilat mahalla ahli orasida ham alohida e’tirof etiladi. – Jamoaning o‘rnak bo‘ladigan eng yaxshi sifati bu ularning yakdilligi, – deydi “Zarbdor” MFY Xotin-qizlar faoli Malohat Hayitboyeva. – Shu tufayli bo‘lsa ajabmas, bu yerdagi ta’lim-tarbiya jarayonlaridan hamma hursand. Bugungi tadbirda ham yigirma chog‘lik xodimlar bir yoqadan bosh chiqara oldi va e’tiborimizga bayram tadbirini yuqori saviyada havola etdi. Ayniqsa, Gulnora Shukurova,  Dilafro‘z Abdug‘aniyeva, Sevara Abdullayeva, Dildora Jo‘rayeva, Moxira G‘aniyeva singari jonkuyar tarbiyachi va xodimlar hamda tarbiyalanuvchilarning musiqa rahbari Dilrabo Qurbonovalarning halol mehnati  tufayli farzandlarimiz o‘zlarining ilk iqtidorlarini zo‘r kayfiyat va mahorat bilan namoyish etishdi. Darhaqiqat, bo‘lib o‘tgan tadbir tashkilotning Gulnora Shukurova rahbarligidagi tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilaridan iborat 20 nafarlik JAJJI MALIKALAR ishtirokidagi bellashuv ustiga qurildi. Qaqajon qizlar besh shart – tanishtirish, salat tayyorlash, somsa tugish, erkin mavzu va nihoyat badiiy gimnastika sohasidagi iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdi. Qizaloqlarning she’riy tanishtiruvlari, erkin mavzudagi yakkaxon raqs, kuy-qo‘shiqlari, badiiy gimnastikaga oid nafis ijrolari, ayniqsa, mustaqil holda salat va somsa tugishlari barchaga manzur bo‘ldi. – Albatta, iste’dod osonlikcha namoyon bo‘lmaydi. Buning ortida katta mehnat, izlanish, o‘z ustida, ayniqsa, o‘sha iste’dodli bola ustida tizimli ishlashgina ma’lum maqsadga erishtiradi, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan 10-sonli DMTT direktori Umida Qoraboyeva. – Bugungi tadbir ham ana shu xulosani yana bir karra isbotladi va men o‘z jamoamning har bir vakilidan minnatdorman. Fursatdan foydalanib barchangizni bugungi egu ayyom bilan chin dildan tabriklayman.    Tadbir so‘ngida jajji malikalarga bayram sovg‘alari ulashildi.       

Maktabgacha ta'lim agentligi
Toshkent viloyati, Angren shahridagi 14-DMTTda «Telefonsiz DMTT» tizimi joriy etildi.

14-DMTT ma’muriyati va ota-onalar kuzatuv kengashi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ta’lim tashkilotida telefondan umuman foydalanmaslik taklifi ma’qullangan.  Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil ”O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.   Ta’lim tashkilotiga kirib kelishda har bir xodim, mehmonlar va boshqa shaxslar telefonlarini chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi “ovozsiz” rejimga o‘tkazishi shart.   Tarbiyachi o‘z telefoni bilan soat 7.00 dan 8.30 gacha va soat 16.30 dan so‘ng ota-onalar bilan bog‘lanishiga ruxsat beriladi. Endi soat 8.50 dan 16.30 gacha Tarbiyachilarga mashg‘ulotlar vaqtida telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish taqiqlanadi.  Biroq, tarbiyachilar mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida DMTTdagi maxsus oddiy telefondan foydalanishlari mumkin.  Ota-onalar telegram guruhida mashg’ulotlardan fotolavhalar jo‘natish, uslubchi va hamshira zimmasiga yuklatildi. Ta’lim taskilotining boshqa xodimlari ham ish vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emasligi yig‘ilishda bir ovozdan tasdiqlandi.

Вид сайта
Размер шрифта